Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng go‘zal duo
15:33 / 2026-03-02

Muqaddas kitoblarda aytilishicha, inson taqdiriga hech bir narsa duochalik ta’sir o‘tkazmas ekan. Shuning uchun ham milliy tarbiyamizda ota-onalar, ustozlar va keksalarning duolarini olishga intilishga undov mavjud. Ularga ko‘rsatilgan hurmat esa bevosita inson odob-axloqidan dalolat.

Xalqimizda: “duo bilan el ko‘karar”, degan maqol bejiz aytilmagan. Ayniqsa, hozirgi muqaddas ramazon oyi ezguliklar, yaxshi amallar va albatta, ko‘p-ko‘p duolar qilinadigan fursat. Har bir xalqning o‘ziga xos milliy an’analari bo‘lganidek, o‘zbek xalqining ham betakror an’analari mavjud. Xususan, duo qilishda ham ulug‘ hikmatli tilak borki, uning zamirida eng go‘zal istak mujassam. Esimizni tanibmizki, ota-bobolarimiz duoga qo‘l ochgani bilanoq, tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik so‘rashadi.

Bir tafakkur qilib ko‘ring, insonga tinchlik va salomatlikdan-da ziyoda ne’mat bormi? Ayniqsa, bugungi kunda dunyoning turli nuqtalarida urushning sovuq nafasi kezib yurgan bir mahalda mazkur duoning nechog‘lik ahamiyatli va purma’no ekaniga amin bo‘lamiz.  

Mamlakatimizda olib borilayotgan qator tashabbuslarni ta’kidlagan holda, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida e’tirof etmog‘imiz shart. Ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilayotgan do‘stona aloqalar, shuningdek, tashqi munosabatlarda mustahkam diplomatik yondashuvlar olqishga sazovor.

– Qadim-qadimdan xalqimizda har bir ish oldidan duo qilish odat tusiga kirgan. Zotan, ulug‘ zotlar ham hamisha duo bilan mashg‘ul bo‘lganlar, –  deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, shayx Nuriddin Xoliqnazar. – Meni jumbushga keltirgan bir voqeani aytib bermoqchiman. Umra ziyorati bilan Makkada bo‘lib turganimizda o‘sha yerdagi millatdoshlarimiz bizga: “nima uchun O‘zbekiston bu qadar tinch? Xonadonlari barakali?” degan savolni berishdi. Jamoamizdagilar har kim turlicha javob qilgan bo‘ldik. Savol bergan kishi esa: “hammangizning gapingiz to‘g‘ri. Ammo asosiy sabab boshqa. Hozirgi kunda hech bir millat deyarli duo qilmay qo‘ygan. Lekin O‘zbekistonda hamma hamisha duoda. Hattoki, davlat rahbari ham har bir xayrli ish oldidan duo qiladi. Shuning uchun ham garchand u yerda yashamasam-da, O‘zbekistonda tug‘ilganimdan faxrlanaman", dedi.

Darhaqiqat, “oltin olma, duo ol”, degan hikmat bilan yashovchi xalqimizning iqboli bevosita duo bilan ham bog‘liq. Shuni anglash kerakki, tinchlik va sog‘liq so‘rab qilingan duo haqiqatdanam eng go‘zal duodir. Zotan, bugungi tahlikali zamonda bunga bot-bot ishonch hosil qilmoqdamiz.

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin! Xotirjamlik va tan sihatligi tark etmasin!  

Sherbek Islomov, O‘zA