Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng faol, tadbirkor, zukko va tashabbuskor ayollar rag‘batlantirildi
14:34 / 2023-12-17

Xorazmda “Yil ayoli” va “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlarining eng faol, tadbirkor, zukko va tashabbuskor, har jihatdan ibratli ishtirokchilari saralandi.

Tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimida Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nigora Qutlimuratova so‘zga chiqib, bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarning baxtli yashashi, intellektual va manaviy yuksalishi, kasbiy hamda oilaviy majburiyatlarni hamohang tarzda bajarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shib kelayotgan, oilada va farzand tarbiyasida ibrat bo‘lish bilan birga o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar nufuzini oshirishda faol qatnashayotgan turli soha egalari bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazib kelinayotgan ushbu milliy tanlovlar ishtirokchilar orasida professionallik, ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

“Yil ayoli” va “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlari viloyat bosqichi g‘oliblarini aniqlash maqsadida tuman, shahar bosqichlarida yuqori natijalarga erishgan 80 nafardan ziyod ayolning kasbiy faoliyatini aks ettiruvchi, erishgan yutuqlari jamlangan hujjatlari ko‘rib chiqildi.

Natijalarga ko‘ra, “Xiva Dilnoza kulol” oilaviy korxonasi rahbari Dilnoza Otajonova “Yil ayoli” tanlovining viloyat bosqichi g‘olibi bo‘lib, respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, “Yilning eng vatanparvar ayoli”, “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli”, “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli”, “Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotchisi”, “Yilning eng jonkuyar ustozi”, “Yilning eng faol sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi”, “Yilning eng yangi g‘oyalar tashabbuskori”, “Yilning eng faol olima ayoli”, “Yilning eng ilg‘or tadbirkor ayoli”, “Yilning eng yaxshi IT - dasturchi ayoli” nominatsiyalari g‘oliblari ham aniqlandi.

Urganch davlat pedagogika instituti Xorazm viloyatida gender tenglikni ta’minlashda eng faol tashkilot sifatida e’tirof etildi va institut rektori Feruza Madrahimova “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining viloyat bosqichi g‘olibi bo‘ldi.  

G‘oliblar Xorazm viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

– Har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan mazkur tadbirning bu yilgi musobaqasidagi g‘oliblar shohsupasiga chiqishim menga tetiklik ruhi va kuch-g‘ayrat bag‘ishladi, – deydi “Xiva Dilnoza kulol” oilaviy korxonasi rahbari Dilnoza Otajonova. – O‘ylaymanki, kelgusi yilgi bellashuvlarda bundanda yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘laman.

[gallery-15104]

Shuningdek, tantanali taqdirlash marosimi yakunida o‘zining samarali va namunali faoliyati, jamiyatimiz hayotidagi faol ishtiroki, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun viloyatning bir guruh faol ayollariga Xorazm viloyati hokimligi hamda bir qator tashkilotlarning tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat),

O‘zA muxbirlari