FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Surxondaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarida “Eng faol kitobxon” tanlovi o‘tkazildi.
Joriy yilning 10–15-fevral kunlari hududiy bosqichlar tashkil etilib, ularda 37 ming nafardan ortiq o‘g‘il-qiz ishtirok etdi. Termiz shahrida joylashgan Adib Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyati axborot-kutubxona markazida tanlov g‘olibi bo‘lgan 150 nafar faol kitobxonni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, g‘oliblar bilan samimiy muloqot qildi. Yoshlar kitobxonlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan taklif va tashabbuslarini bildirdi. Viloyat rahbari ularning fikr-mulohazalarini qo‘llab-quvvatlab, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yo‘lidagi intilishlarini alohida e’tirof etdi.
[gallery-27734]
Tanlov g‘oliblariga faxriy yorliqlar hamda kitoblar to‘plami uchun vaucherlar tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, hududiy bosqichda saralangan 150 nafar yosh kitobxon tahsil olayotgan maktablarga 100 mingdan ortiq nusxadagi kitoblar jamlanmasini yetkazib berish maqsadida “Kitoblar karvoni” hududlarga yo‘lga chiqarildi.
Mazkur tadbir kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, yoshlarni mutolaaga jalb etish hamda jamiyatda ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA