Ma’lumki, ijtimoiy himoyani mahalla darajasida tashkil etish va aholining og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish maqsadida "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari ijtimoiy xodimlar guruhlari tomonidan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Ijtimoiy xodimlarga ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining ehtiyojlari va mavjud imkoniyatlarini baholash orqali ularga individual tartibda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish rejalarini ishlab chiqish, aholiga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar to‘g‘risida, shuningdek, aholining mazkur xizmatlarni olishga bo‘lgan huquqlari bo‘yicha tushuntirish berish kabi vazifalar yuklatilgan.
Ijtimoiy sohada sidqidildan mehnat qilib, odamlar hayotida ijobiy o‘zgarish yaratishga hissa qo‘shayotgan fidoyi xodimlar bugun e’tirof va rag‘batga sazovor bo‘lmoqda.

Xususan, “Eng faol ijtimoiy xodim – 2025” tanlovi e’lon qilindi va 2025 yil mart oyida start olgan tanlovda jami 8 ming 325 nafar ijtimoiy xodim ro‘yxatdan o‘tib, hududiy saralash bosqichlarida qatnashdi.
Tanlov doirasida ishtirokchilar o‘zlarining nazariy bilimlari, amaliy tajribalari va mini-loyihalari orqali bellashdi. Ularning kasbiy salohiyati, tashabbuskorligi hamda ijtimoiy sohadagi fidokorona faoliyati hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi.
“Eng faol ijtimoiy xodim – 2025” tanlovi yakunida ishtirokchilar eng muhim samaradorlik ko‘rsatgichlari (KPI), test sinovlari, eng yaxshi keys taqdimoti, mahallalarda amalga oshirgan ijtimoiy loyihalari asosida adolatli baholandi.
“Eng faol ijtimoiy xodim assistenti” nominatsiyasi g‘oliblari ham e’tirof etildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA