Eng faol deputatlar aniqlandi
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat Kengashi tomonidan “Eng faol deputat” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Deputatlarning siyosiy faolligini oshirish, ularning deputatlik vakolatlarini amalga oshirishdagi tashabbuskorligini rag‘batlantirish hamda ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda barcha tuman va shaharlardan ishtirokchilar qatnashdi.

Tanlov davomida ishtirokchilar deputatlik faoliyati, aholi bilan ishlash tajribasi, murojaatlar ijrosi, deputatlik nazorati va partiya dasturiy maqsadlarini amalga oshirishdagi faolligi bo‘yicha baholandi.
Yakunda xalq deputatlari Zarafshon shahar Kengashi deputati G.Bobomurodova g‘olib deb topildi hamda tanlovning keyingi bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri