Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng dolzarb masalalar qamrab olingan nutq
18:10 / 2023-09-26

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqi yana bir bor butun dunyo hamjamiyatining e’tiborini va diqqatini o‘ziga qaratdi. Prezidentimiz sessiyada so‘zlagan nutqida dolzarb muammolar, ularni yechish yo‘l-yo‘riqlariga to‘xtaldi. Ishonch inqirozi tufayli dunyodagi mavjud vaziyatdan xavotirda ekanini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari hamjihatlik ruhini saqlab qolish va mamlakatlarni umumiy manfaatlar asosida birlashtirishga umid bildirgan holda, iqlim o‘zgarishi, qashshoqlikka barham berish va ochlik kabi butun insoniyatga daxldor global masalalarda birdamlik va hamkorlikka chaqirdi. Shuningdek, ijtimoiy himoya, xavfsizlik, ekologiya, ta’lim sohalariga doir qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Darhaqiqat, Prezidentimizning fundamental o‘zgarishlar yuz berayotgan sharoitdagi taklif hamda mulohazalari mintaqaviy muammolarni hal etish uchun muhimdir.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosini har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun davlat tomonidan munosib sharoit yaratilishi, to‘laqonli g‘amxo‘rlik qilinishi singari ezgu maqsadlar tashkil etadi.

O‘zbekiston inson huquq va erkinliklarini birinchi o‘ringa qo‘yib, dunyo hamjamiyatiga namuna bo‘lib kelayotgani bois, davlatimiz rahbari mamlakatimizda majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berilgani hamda majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlik belgilab qo‘yilganini baralla aytdi. Majburiy bolalar mehnatiga qarshi kurashishni butun dunyo miqyosida kuchaytirish lozimligini ta’kidladi.

Sammitda mamlakatimizda yillar davomida to‘planib qolgan ayrim muammolar ro‘y-rost aytib o‘tildi. Shunday o‘tkir muammolardan biri majburiy mehnat masalasidir. Ma’lumki, bir asr mobaynida O‘zbekistonda millionlab insonlar paxta terimiga majburiy ravishda jalb etilar edi. Buning natijasida o‘zbek paxtasiga “boykot”lar e’lon qilingan, mamlakat esa yillar davomida “qora ro‘yxat”larga kiritilgan edi. Lekin qat’iy siyosiy iroda tufayli so‘nggi yillarda O‘zbekistonda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi. Xalqimiz paxta qulligidan butkul ozod bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida BMT huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tuzishni taklif etdi. Bundan tashqari “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi. Chunki aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillari bo‘lgan Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi dolzarb ahamiyatga ega.

Dunyo yoshlari – son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avlod, chunki ular 2 milliard kishidan ko‘p. Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Asosiy vazifa – yoshlar o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoit yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir. Buning uchun yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatini himoya qilish borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozim.

Prezidentimiz mamlakatimizda gender tengligi masalasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Bu borada dunyo hamjamiyatini ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga chorladi. Bu, o‘z navbatida, yurtimizda ayolga ehtirom yuksak darajada bo‘layotganidan dalolat beradi.

Dunyo hamjamiyatiga diniy bag‘rikenglik masalasida ham murojaat qilib, ayrim mamlakatlarda ko‘zga tashlanayotgan toqatsizlik islomofobiya holatlariga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan so‘zlangan ushbu nutqda eng dolzarb masalalar qamrab olinganki, bu har bir yurtdoshimiz, ayniqsa, biz yoshlarning oldimizga ham ulkan vazifalar qo‘yadi.  Zero, o‘z ustida ishlab, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shish har birimiz uchun sharafdir.

Faxriyor Baxtiyorov, 

O‘zbekiston Respublikasi 

Jamoat xavfsizligi universiteti kursanti

O‘zA