Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Navoiy viloyati Kengashi viloyatning eng chekka hududlarida istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan oilalar uchun yangi loyiha – eng chekka hududlarda “O‘zLiDeP kunlari”ni o‘tkazmoqda.
Oilalarga saxovat ko‘rsatish maqsad qilingan mazkur loyihaga ko‘ra, tuman markazlaridan ancha olisda yashayotgan aholining ijtimoiy ahvoli, yashash sharoitining shahar va qishloqlarnikiga qaraganda ma’lum darajada og‘irligi hisobga olindi. Bu haqda partiya Navoiy viloyati kengashi matbuot xizmati xabar berdi.
Uyshun qishlog‘i Xatirchi tumanining chekka hududlaridan biri. Bu hudud ahli har o‘n-o‘n besh kunda bir marta suv nasosi orqali kanaldan to‘ldiriladigan hovuzdan suv oladi. Boshqa hech bir imkoniyat yo‘q. Yerni 100 metr qaziganda ham u joylarga suv chiqarishning iloji yo‘q. Yo‘l yomon, buning ustiga manzil uzoq. Suv olib kelish ancha qimmatga tushayotgani uchun odamlar o‘sha hovuz suvidan ichishga majbur.
Yoki Konimexning Saribel cho‘llarida na dov-daraxt, na ekin o‘sadigan, saksovuldan boshqa o‘simligi yo‘q ovullar bor. U yerdagi aholining yashash sharoiti nihoyatda og‘ir. Tomorqayu chorvachilik to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas.
O‘zLiDeP viloyat Kengashi apparat rahbari M.Eshniyozov shu hududlarda yashab kelayotganlarga yelkadosh bo‘lish, oz bo‘lsa-da yordam ko‘rsatishni maqsad qilinganini ta’kidladi.
Eng chekka hududlarda “O‘zLiDeP kunlari”ning dastlabki bosqichi Xatirchi tumanining Guliston hamda Navbahor tumaning Duldul mahallasida tashkil etildi. Mahalla raislari hamrohligida loyihaga binoan xonadonlarga oziq-ovqat mahsulotlari, gigiyenik vositalar, uy-ro‘zg‘or buyumlaridan iborat jamlanmalar tarqatildi.