Ilgari gaz ta’minoti muammo bo‘lgan Tomdi tumanidagi “Aldabergen”, Uchquduq tumanining “Ko‘kayaz”, “Juzquduq” va “Altintov” kabi ovullari Navoiy viloyatining chekka ovullari sanaladi. Bir vaqtlar bu hududlar aholisi “suyultirilgan tabiiy gaz” borligini eshitgan-u, amalda foydalanmagan.
Bugun esa ushbu ovullardagi fuqarolarga suyultirilgan gaz yetkazish grafigiga asosan maishiy gaz ballonlari yetkazib berilmoqda. Ularning barchasi ta’minotda avtomatlashtirilgan tizim joriy etilganidan xabardor.
Navoiy viloyati hududi jihatidan respublikamizda eng katta hududlardan biri sanalib, tabiiy gaz iste’molchilarining 40 foizga yaqini suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi. Ayni paytda ularning soni 100 ming 959 tani tashkil etmoqda.

Hozirda “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali tomonidan 226 ta mahallada istiqomat qiluvchi iste’molchilarga 31 ta maxsus avtotransport vositasi orqali maishiy ballonda gaz tarqatiladi.
Joriy yil 1 yanvar holatiga suyultirilgan gaz iste’molchilari soni 100 882 tani tashkil etgan bo‘lsa, 3 oyda 72 nafar iste’molchi ro‘yxatga yangi kiritildi va tegishli tartibda ID-karta bilan ta’minlandi.
Joriy yilning birinchi choragida iste’molchilar qariyb 3534 tonna suyultirilgan gaz bilan ta’minlandi. Shundan 521 tonnasi Uchquduq shahridagi GPU, ya’ni quvurlar orqali tabiiy gaz ko‘rinishida yetkazib berilgan.
Hozirda ta’minot yetkazib berish oralig‘i o‘rtacha 35-40 kunni tashkil etmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA