French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng bilimdon jamoalar aniqlandi
12:18 / 2025-08-08

Guliston shahridagi Yoshlar markazida Yoshlar ishlari, sport, adliya hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida “Yoshlar va qonun” Respublika huquqiy tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.

“Harbiy-vatanparvarlik spartakiadasi” doirasida o‘tkazilgan mazkur tanlov yoshlar o‘rtasida huquqiy bilim va madaniyatni oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, yosh avlodni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, qonunlarga amal qilish madaniyatini mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi. Shu bilan birga, yoshlarda fuqarolik mas’uliyati va qonunlarga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish, qonunbuzarlik va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratildi.

Tanlovning tuman va shahar bosqichlarida 14–18 hamda 18–30 yoshlar toifasida  440 nafar yosh ishtirok etdi. Ular huquqiy bilimlar sinovi, ijodiy chiqish, esse yozish va sahnaviy ko‘rinish kabi to‘rt yo‘nalishda o‘z bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi.

Viloyat bosqichiga tuman va shaharlarda saralangan 96 nafar iqtidorli yosh yo‘llanma oldi. Ishtirokchilar “Huquqiy bilim darajasi”, “Ijodiy yondashuv va tahlil qilish qobiliyati”, “Fikrning aniqligi va mantiqiy izchilligi”, “Ijtimoiy faollik va tashabbuskorlik” kabi mezonlar asosida baholandi.

Tadbir qizg‘in bahs va munozaralarga boy bo‘ldi. Yoshlar nafaqat qonun normalarini bilish, balki ularni hayotiy misollarda qo‘llash, huquqiy muammolarni tahlil qilish va yechim taklif etishda ham o‘z salohiyatlarini namoyon etishdi. Ayrim sahnaviy chiqishlar orqali jamiyatda uchraydigan huquqiy masalalar va ularning yechim yo‘llari ijodiy tarzda yoritilishi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, 14–18 yosh toifasida Mirzaobod tumanining Navro‘z mahallasidagi “Adolat qalqoni” jamoasi, 18–30 yosh toifasida esa shu tumanning Gulbahor mahallasidagi “Renessans” jamoasi g‘olib deb topildi. Endi ular Respublika bosqichida Sirdaryo viloyati sharafini himoya qiladi.

Tantanali taqdirlash marosimida g‘olib va sovrindorlarga diplomlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.  

G‘ulom Primov, O‘zA muxbir