Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng asosiy maqsad – mirishkor dehqon va fermerlarga yaqin ko‘makchi bo‘lish
12:29 / 2022-06-22

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hayotimizning, tirikchiligimizning eng asosiy manbai.

Shu bois ham ushbu soha rivojiga, sifatli va mo‘l qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, aholini zarur mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga eng ustuvor masalalardan biri sifatida e’tibor qaratib kelinadi. 

Mazkur sohada olib borilayotgan sa’y-harakatlar, sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirsh bo‘yicha yangiliklar va hamkorlikdagi ishlar xususida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktori Husniddin Karimov bilan suhbatlashdik.

–Mamlakatimiz aholisini sifatli meva-sabzavot bilan ta’minlash, fermer va dehqonlarni qo‘llab-quvvatlashda Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Bugun butun dunyoda sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga talab yuqori, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash muhim va dolzarb masala bo‘lib turgani barchamizga yaxshi ayon. Shu ma’noda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor alohida ahamiyatga ega.

Bu borada Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi o‘ziga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, puxta reja asosida tizimli ishlarni amalga oshirishga harakat qilmoqda. 2021 yil 15 dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida meva-sabzavot ekinlarini yetishtirish, ularni saqlash, qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi, shuningdek, “daladan-rastagacha” tamoyili asosida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratuvchi meva-sabzavotchilik klasterlari (kooperatsiyalar) faoliyatiga ko‘maklashish yuzasidan amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan chora-tadbirlar aniq belgilab berilgan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hamda 163 ta tumanlarida loyiha ofislari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, malakali mutaxassislar bilan ta’minlandi. Ta’kidlash o‘rinliki, tumanlar loyiha ofislarida fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi biznes rejalari, loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha yaxlit bir tizim yaratildi. Bu orqali Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi fermerlarga meva-sabzavotchilik sohasida yaqin va ishonchli ko‘makchiga aylanmoqda.

Shuningdek, agentlik tomonidan sifatli ko‘chatlar, urug‘lar va mineral o‘g‘itlar yetkazib berish hamda malakali agronom maslahati xizmatlari yo‘lga qo‘yildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qadoqlash, quritish, saqlash va qayta ishlash bo‘yicha respublikadagi 190 ta korxonaning ro‘yxati shakllantirildi. Shundan 110 ta qurilish va qayta ishlash korxonalari saralab olindi. Natijada mazkur korxonalarning talablari o‘rganilib, fermer, dehqon, issiqxona xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini sotib olish bo‘yicha fyucher shartnomalarini tuzishga ko‘maklashish tizimi yaratildi.

Bigina bog‘dorchilik va uzumchilik sohasidagi amaliy ishlar misolida to‘xtaladigan bo‘lsam, 2022 yilda respublika hududida 25 ming gektar bog‘, 50 ming gektar uzumzor barpo etish rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilning 15 iyun holatiga (bahorgi ekish mavsumida) 19,5 ming gektar bog‘, 21,7 ming gektar uzumzor tashkil qilindi. Tajriba tariqasida Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida 50 gektar maydonda zaytun plantatsiyasi barpo etildi. Respublika bo‘yicha bog‘ va tokzor tashkil qilish maqsadida 48,3 million tup mevali daraxt va uzum ko‘chatlari yetkazib berildi.

Yurtimizda issiqxonalar barpo etish va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Agentlik issiqxona xo‘jaligi sohasida ham tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Hozirda respublikadagi 3 ming 148 ta fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari hamda tadbirkorlik sub’ektlarida jami 6,2 ming gektarga yaqin issiqxonalar mavjud bo‘lib, shundan 876 gektar yoki 17 foizi gidroponika va 4,3 ming gektar yoki 83 foizi yerga ekilgan issiqxonalarga to‘g‘ri keladi.

Joriy yilda mamlakatimiz bo‘ylab 737 gektar maydonda issiqxona qurish rejalashtirilgan. 2022 yil iyun holatiga 73 gektar yer maydonda qiymati 244 milliard so‘m bo‘lgan zamonaviy issiqxonalar ishga tushirilib, 467 gektar maydonda qurilish ishlari olib borilmoqda.

Bozorlarimizda ayrim sabzavot mahsulotlarining narxlari oshib ketgani ko‘pchilikni xavotirga soldi. Aytingchi, aholini sifatli va arzon sabzavot va poliz mahsulotlari bilan yetarli darajada ta’minlash choralari ko‘rilyaptimi?

– Albatta, poliz va sabzavotchilik mahsulotlari eng zarur hayotiy va kundalik mahsulotlar hisoblanadi. Sabzavotchilikni rivojlantirish agentligimiz faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Bu boradagi sa’y-harakatlarimizni raqamlarda ifodalaydigan bo‘lsam, 2022 yil hosili uchun asosiy maydonlarga 158,2 ming gektar sabzavot, 76,3 ming gektar poliz, 93,5 ming gektar kartoshka hamda bog‘-tok qatori oralariga 84,1 ming gektar sabzavot, 11,5 gektar poliz, 13,5 ming gektar kartoshka ekinlari ekildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda agentlik tashabbusi bilan har bir sabzavot yetishtiruvchilarning yer maydonlari o‘rganib chiqilib, tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda, 100 million donaga yaqin sabzavot poliz ko‘chatlari intensiv usulda yetishtirilib, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazildi. Shuningdek, Buxoro viloyatida tajriba tariqasida Hindistondan sabzi urug‘lari olib kelinib, 500 gektar yer maydonida ekish ishlari yakunlandi. 

Joriy yilda 163,1 ming tonna urug‘lik kartoshka import qilinishi rejalashtirilgan. 2022 yil 25 aprel holatiga 51 ming tonna urug‘lik kartoshka olib kelinib, fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda klasterlarga yetkazib berildi. Yetishtirilgan mahsulotni sotish maqsadida qayta ishlovchi va eksport qiluvchilarning talablari asosida 1,5 million tonna sabzavot va poliz mahsulotlari uchun buyurtmalar shakllantirildi. Bu kabi sa’y-harakatlarimiz zamirida, albatta, bozorlarimizni, aholini zarur qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadi mujassam.

– Soha rivojida yangi yondashuvlarni qo‘llash, buning uchun xalqaro darajadagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash muhim, shunday emasmi?

– Darhaqiqat, bugun xalqaro maydonda faol bo‘lish, sohalar kesimida ilg‘or deb tan olingan xorijiy mamlakatlar amaliyotini o‘rganish, o‘z navbatida, aniq yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, samarali loyihalarni amalga oshirish – davr talabi. Shundan kelib chiqib, agentlik aynan bog‘dorchilik, urug‘chilik, ko‘chatchilik, sabzavotchilik, issiqxona xo‘jaligi bo‘yicha xorijiy kompaniyalar bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. 

Xususan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), AQSHning USAID tashkiloti, Germaniyaning GIZ, SES tashkiloti, Yaponiyaning JICA, Yevropa Ittifoqining ASK tashkiloti, Ispaniyaning Gedapsa, Italiyaning FAGRI kompaniyasi bilan kelishuvlarga erishilgan. 

Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi o‘z oldiga ko‘plab reja va maqsadlarni qo‘ygan. Eng asosiy maqsad esa mirishkor dehqonlarimiz, fermerlarimizga yaqin va yaxshi ko‘makchi bo‘lib, ularning daromadini oshirish, aholiga sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazishda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va bu orqali mamlakat iqtisodiyotida yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etishda munosib hissa qo‘shishdan iborat. 

 

                                         O‘zA muxbiri

Muhtarama Komilova 

suhbatlashdi