Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng asosiy maqsad – aholini ish bilan ta’minlash
20:03 / 2021-10-07

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tashabbusi bilan Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkaziga press-tur tashkil etildi.

Quvvati bir vaqtning o‘zida 560 o‘rinli bo‘lgan “Ishga marhamat” monomarkazi sobiq Politexnika kasb-hunar kolleji o‘rnida tashkil etilgan. Monomarkaz faoliyat yuritayotgan binoni ta’mirlash va jihozlashda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 14 milliard 300 million so‘m va Jahon bankining 206 ming dollardan ortiq mablag‘lari jalb etilib, jixozlash ishlari WORLD SKILLS talablari asosida amalga oshirilgan.

Monomarkaz tinglovchilariga WorldSkills talablari asosida ta’lim berilsa, o‘rta bo‘g‘in kadrlari esa Jahon bozorining bo‘sh ish o‘rni ehtiyojlari darajasida tayyorlanadi. Monomarkazda 8 ta xizmat turi (servis va xizmat ko‘rsatish, texnik, qurilish, xorijiy til o‘rgatish, raqamli texnologiyalarni o‘rgatish, tadbirkorlikka o‘qitish va migratsiya xizmatlari sohalari) bo‘yicha jami 24 turdagi kasbga o‘qitilmoqda. 4 ta xorijiy (rus, ingliz, koreys, yapon) tillarni o‘rgatish hamda Tadbirkorlik asoslari, migratsiya ko‘niktirish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Yuqorida ko‘rsatilgan kasb va tilga o‘rgatish kurslariga mahalliy va xorijiy ish beruvchilar talablari asosida qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish imkoniyati ham mavjud.

Shuningdek, korxona va tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha pullik o‘quv kurslari tashkil etish imkoni ham yaratilgan. Joriy yilda ushbu markaz bitiruvchilari, kasbga ega bo‘lgan aholi hamda nodavlat ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun kasbiy malakani baholash markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Hozirgi kunda Monomarkazning o‘quv kurslariga 200 dan ortiq fuqarolar jalb qilingan.

Monomarkazda bir yilda 2 ming 320 nafar kambag‘al va ishsiz fuqarolarni kasbga o‘qitish rejalashtirilgan. Olis tumandan kelgan fuqarolar uchun 90 kishilik yotoqxona ham bor.

–Monomarkazda har bir kasb murakkablik darajasidan kelib chiqib 1 oydan 4 oygacha muddatda o‘qitiladi, – deydi Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi direktori Sadoqat Siddiqova. – Jarayonga yuzaki qaragan inson uchun bu muddat juda kamdek ko‘rinishi mumkin. Biroq har bir kurslar uchun belgilangan o‘qitish muddatlari va soatlar hajmi tegishli soha mutaxassislari, ish beruvchilar, WorldSkills hamjamiyati standarti, mehnat bozori talab, taklif va ehtiyojlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. 

O‘quv mashg‘ulotlari boshqa ta’lim tizimidan farqli o‘laroq amaliy mashg‘ulotlarga tayangan holda tashkil etilgan. Kurslar 30 foiz nazariy va 70 foiz amaliy tarzda o‘tkaziladi. Kasb-hunarga, tadbirkorlikka, xorijiy tillarga o‘qitish, qayta tayyorlash va malaka oshirish yil davomida uzluksiz, o‘qitish jarayonini boshlash esa guruhlar tinglovchilar bilan to‘ldirilish holatiga ko‘ra amalga oshiriladi. 

Monomarkazdagi barcha o‘quv kurslari viloyatdagi ishsizlik darajasi hamda mahalliy va xorijiy mehnat bozori talab-ehtiyojlarini o‘rgangan holda tashkil etilmoqda. Viloyatda hozirgi kunda 91 ming nafar ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolar mavjud. Ularni bandligini ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Buxorodagi ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada markaz tinglovchilarining amaliyotlarini tashkil etish va bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

Monomarkazning qisqa muddatli faoliyati davomida xorijiy ish beruvchilar bilan ham dastlabki hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga erishildi. Kelgusidagi rejalar belgilab olindi. Jumladan, Xitoyning CPECC-China Petroleum Engineering & Construction Corporation kompaniyasi Respublikada faoliyat yuritayotgan filiallari uchun kerakli kadrlarni xitoylik soha mutaxassislari bilan hamkorlikda tayyorlashga kelishib olindi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining “MejRegionStroy” MCHJ kompaniyasi bilan payvandlovchi va elektromontyor yo‘nalishida monomarkazda kadrlar tayyorlash bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi.

Press-tur yakunida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva hamda viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Hamroyev jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.

Tohir Istatov (surat), O‘zA