Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eng afzal sarmoya
14:19 / 2026-01-22

Xalqimizda “Nima eksang, shuni o‘rasan”, degan purma’no maqol bejiz aytilmagan. Negaki, har bir inson ertangi hayoti bugungidan yaxshiroq bo‘lishi uchun intilib yashaydi. Ammo bu intilish turli kishilarda turlicha.

Tabiiyki, turmushning farovonligini ta’minlovchi eng muhim vositalardan biri bu pul sanaladi. Biroq uni ham to‘g‘ri sarflash san’atdir. Chunki har qanday sarmoya ham o‘zini oqlayvermaydi. Shuning uchun ham eng afzal sarmoya nimaga kiritilishi lozimligi bo‘yicha savol doim aktual.

O‘zbek millati azal-azaldan o‘zining yuksak ma’naviyati va keng tafakkuri bilan jahonda nom qozongan. Bunga ulug‘ ajdodlarimizning dunyo taraqqiyotida o‘chmas iz qoldirgan ilmiy-ma’rifiy me’rosi misol. O‘z-o‘zidan oydinlashadiki, eng afzal sarmoya bu ta’limga tikilgan sarmoyadir.

Sobiq sho‘ro siyosati sabab bizning tilimiz, madaniyatimiz va qadriyatlarimiz toptala boshlagan bir paytda millatimiz qahramonlari sanalmish ma’rifatparvar jadidlarimiz katta sahnaga chiqishdi. Ular yoshlarni ilmga jalb qilish va ongiga millatparvarlik g‘oyalarini singdirish orqali millatimizning o‘zligini saqlab qolishga ulkan hissa qo‘shdi.

Bu yo‘lda ular yangi tizim asosida maktablar ochish, joylarda teatrlar sahnalashtirish orqali xalqning tafakkurini o‘stirishga bor imkoniyatlarini ishga soldilar.

“Maktab sizni inson qilur,

Maktab hayot ehson qilur

Maktab g‘ami vayron qilur

G‘ayrat qilib o‘qing o‘g‘lon!”, deya xitob qilgandi jadidchilik harakatining faol a’zosi Abdulla Avloniy.

Yangi O‘zbekistonning bugungi siyosati ham aynan ta’lim-tarbiyani birinchi darajaga ko‘tardi. Yoshlar, xususan, ayollar ta’limiga alohida e’tibor qaratilib, ularning o‘qishi, turmush tarzini yaxshilash uchun zarur bo‘lgan sarf-xarajatlarning katta qismi davlat tomonidan qoplab berilishi yo‘lga qo‘yildi.  

Jumladan, talabalar ijara haqining 50 foizigacha, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan yoki nogironligi bor shaxslar to‘lov shartnomasining 50 foizini bugungi kunda davlat to‘lab bermoqda. Buning samarasi o‘laroq, mamlakatimiz ta’lim tizimi izchil rivojlanayotgan davlat sifatida jahon reytinglarida e’tirof etilmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, davlatimiz rahbari boshchiligida Uchinchi Renessans sari odimlashning asosiy mezoni bu ta’lim. Shunday ekan, bu mukaddas vazifani o‘tashda har bir ota-ona, har bir farzand o‘z burchini mas’uliyat bilan ado etish orqali hissalarini qo‘shmog‘i shart. Shundagina ulug‘ ajdodlarimizga munosib farzand, kelajak avlod uchun esa munosib yo‘lboshi bo‘la olamiz.

Sherbek Islomov, O‘zA