Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Enesh Amangeldiyeva: "Turizm forumida ishtirokimiz natijalarga boy bo‘ldi"
11:04 / 2025-12-02

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilib, turizm, savdo va madaniy almashinuv sohalarida keng imkoniyatlarni yaratmoqda. Ayniqsa, xalqaro ko‘rgazmalarda ikki davlat kompaniyalari va tur agentliklarining faol ishtiroki qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish va mintaqaviy turizm salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Yaqinda poytaxtimizda o‘tkazilgan "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi turizm forumida "Turkmen Travel" kompaniyasi vakillari o‘z imkoniyatlarini taqdim qildi.

Bu haqda kompaniya menejeri Enesh Amangeldiyeva O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

– ​Biz xalqaro ko‘rgazmalarni tashkil qilish va yirik tadbirlarni amalga oshirish bilan shug‘ullanamiz. Shu sababli, ushbu forumda Turkmanistonning milliy pavilonini tashkil etib, imkoniyatlarimizni ilk bor taqdim qildik. Bizning ishtirokimiz bevosita aprel oyida bo‘lib o‘tadigan "Turkmen Travel" xalqaro ko‘rgazmasiga tayyorgarlikning bir qismi hisoblanadi. 

2026 yil 14-16 aprel kunlari o‘tkaziladigan bu tadbir doirasida xorijiy kompaniyalar, tur operatorlari va agentliklar uchun keng imkoniyatlar taqdim etiladi. Shuningdek, bu yil ilk bor O‘zbekistonda xalqaro turizm ko‘rgazmasini ham tashkil etishga kirishdik va biz uning rasmiy taqdimotini amalga oshiryapmiz. Shu bois, bu yerga kelganimizni juda muhim qadam, deb bilaman.

Aytish kerakki, Ashxobodda o‘tkaziladigan ko‘rgazma haqidagi birinchi rasmiy ma’lumotni aynan O‘zbekistonda taqdim etdik. Men forum doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda spiker sifatida chiqish qilib, ko‘rgazmaning maqsad va vazifalarini batafsil sharhlab berdim.

Bizning tur agentliklarimiz ham tur mahsulotlarini tanitish, o‘zbek tur operatorlari bilan hamkorlik shartnomalarini imzolash, qo‘shma yo‘nalishlar yaratish, yangi marshrutlar ishlab chiqish maqsadida ishtirok etdi. Bu o‘zaro amaliy hamkorlik bir paytlar Ipak yo‘lidagi savdo-madaniy bog‘lanishlarning izchil davomi sifatida juda muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston bilan chegaradosh davlat sifatida bizning o‘zaro turizm almashinuvimiz juda qulay va samaradordir. O‘zbek sayyohlari Turkmanistonning tarixiy va madaniy meros ob’ektlariga qiyinchiliksiz tashrif buyura oladi. Shuning uchun ham biz milliy pavilonimiz bilan bu tadbirda ishtirok etishni ahamiyatli, tarixiy qadam, deb qabul qilamiz. Bu yerda Ashxoboddan yetti kompaniya, shuningdek, Lebap viloyati va boshqa hududlardan kelgan agentliklar ham o‘z faoliyatini namoyish qildi.

Rostini aytsam, natijalarni kutgandan ham yuqori baholayman. Tur operatorlarimiz bir qator o‘zbek kompaniyalari bilan hamkorlik shartnomalarini imzoladi. Shuningdek, Yaponiya, Tailand kabi mamlakatlardan kelgan xalqaro ishtirokchilar ham bizning aprel oyidagi ko‘rgazmamizda qatnashishga qiziqish bildirib, Ashxoboddagi tadbir uchun stendlar band qilishdi. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va turizm sohasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Albatta, kelasi yil ham bu ko‘rgazmada ishtirok etishni rejalashtiryapmiz. Chegara masalalariga kelsak, hujjatlar bo‘yicha hech qanday muammo yuzaga kelmadi, har ikki tomonda ham o‘tish juda oson kechdi. Umid qilamizki, kelasi yili Ashxobod-Toshkent to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlari ochiladi. Hozircha bunday reys mavjud emas. Yaqinda Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari sammitida ishtirok etganida bu yo‘nalish bo‘yicha kelishuv imzolangani ham aytildi. Agar reyslar ochilsa, ikki mamlakat sayyohlari uchun imkoniyatlar yanada kengayadi.

Qiyinchiliklar hujjat yoki rasmiy talablar bilan bog‘liq emas, asosan yo‘l infratuzilmasiga oid. Biroq bu hamkorligimizga xalaqit bermaydi. Aksincha, har ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va ochiq muloqot bizni yanada yaqinlashtirmoqda.

O‘zA muxbiri 

Nasiba Ziyodullayeva 

yozib oldi.