Energiya resurslarini tejash hamda ulardan to‘g‘ri foydalanish maqsadida Buxoro viloyatida tabiiy gaz iste’molchilari energotejamkor uskunalardan foydalanmoqda.
Xususan, Shofirkon tumanining “Dorigar” mahallasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi tushuntirish ishlarida mahalla ahlining iste’mol madaniyatiga e’tibor qaratildi. Ta’kidlash lozim, aholining aksar qismi hali hamon nostandart gaz jihozidan foydalanib kelmoqda. Bunda esa xavflilik darajasi yuqori ekanligi, achinarlisi, energiya resurslarining behudaga sarflanayotganligi ta’kidlandi.


– O‘tgan yil hisobida tuman bo‘yicha 75 555 ta, joriy yilning birinchi choragida esa 1000 taga yaqin nostandart gaz jihozlari o‘rniga yangi energotejamkor gaz jihozlari o‘rnatildi. Joriy yilning dastlabki oylarida 15 mingga yaqin o‘rnatilgan energotejamkor gaz jihozi hisobidan 8 million metr kub tabiiy gaz tejaldi. Shubhasiz, bu qurilmaning ko‘proq o‘rnatilishi hisobidan nafaqat energiya resurslari, balki mablag‘ning ham anchagina qismi iqtisod qilinganini ko‘rish mumkin, – deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Alisher Hamroyev.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.