Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energo tejamkor uskunalar — uzluksiz suv ta’minoti kafolati
17:25 / 2026-01-06

Aholini barqaror va uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi Sirdaryoda doimiy e’tiborda. Bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat ko‘p qavatli uylarda, balki mahallalarda istiqomat qilayotgan aholi uchun ham muhim ahamiyatga ega. “Sirdaryo suv ta’minot” AJ mazkur jarayonda asosiy rolni bajarib, toza suvni hududlarga yetkazishning barcha jarayonlarini tashkil etmoqda.

–  Aholi xonadonlarini suv bilan ta’minlaydigan tarmoqlarning asosiy qismi ko‘p yillar oldin o‘rnatilgan va vaqt o‘tishi bilan ularning chidamligi pasaygan. Suv bosimi aholi ehtiyojlari ortishi bilan yuqori ko‘tarilganda quvurlarda avariyalar yuzaga kelardi. Bunday holatlarni bartaraf etishda tizim xodimlari asosan mavjud texnik imkoniyatlarga tayanadi, ammo eski uskunalar va texnika barcha muammolarni tezkor hal qilishga to‘sqinlik qilar edi, –   deydi “Sirdaryo suv ta’minot” AJ direktori Shahboz Akramov.

Sirdaryoda suv ta’minoti sohasidagi islohotlar davlat rahbari e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi asosida yangi bosqichga ko‘tarildi. Jumladan, Jahon banki mablag‘i hisobiga tezkor avariyalarni bartaraf etish va xizmat samaradorligini oshirish maqsadida maxsus, energiya tejamkor texnikalar olib kelindi.

Yangi texnikalar tizimning samaradorligini sezilarli darajada oshirdi. Avariya va nasoslik ishlari vaqti qisqardi, bu esa aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini sezilarli darajada yaxshiladi. Shu bilan birga, yer ostidan o‘tgan ichki tarmoqlar to‘liq tekshirildi va eski, samarasiz suv quvurlari zamonaviy, chidamli va energiya tejamkor quvurlar bilan almashtirildi.

Hududga olib kelingan texnikalar qatorida 3 ta TP ekskavator, 3 ta avariya brigadalari texnikasi va 3 ta GLONASS bilan jihozlangan nasos quduqlari mavjud. Bu vositalar orqali texnik xizmatlar tezkor va samarali amalga oshirilmoqda.

Tizim xodimlari mahallalardagi ichimlik suv tarmoqlarining 8,3 km qismi mukammal, 13,6 km qismi esa joriy ta’mirdan o‘tkazdi. Shuningdek, 156 ta nasos va uskunalar ham joriy va mukammal ta’mirlandi. Eski va ko‘p energiya sarflaydigan 26 ta nasos energiya tejamkor va samarali nasoslar bilan almashtirildi. Hozirda aholi uzluksiz va barqaror suv ta’minoti bilan ta’minlangan.

–  Bir necha yil avval mahallamizda nafaqat ichimlik suvi, balki oqova suv bilan bog‘liq muammolar ham kuzatilar edi, –  deydi Guliston shahridagi “Istiqlol kommunal xizmat ta’mir” boshqaruv-servis kompaniyasi raisi Zamira Zulfiqorova. –  Bugun suv ta’minoti tizimi modernizatsiya qilingani tufayli mahalla aholisi uchun toza ichimlik suvi va oqova suv masalalari to‘liq hal etildi.

Shu tariqa, Sirdaryoda suv ta’minoti sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat texnik jihatdan, balki aholining turmush sifati va qoniqishini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tejamkor texnikalar orqali suv ta’minoti barqarorlashdi va aholi uchun uzluksiz xizmat kafolatlandi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri