Marg‘ilon shahridagi ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi tomonidan issiqlik va issiq suv ta’minoti masalasida e’tirozlar juda ko‘p bo‘lar edi. Endilikda ularni yillar davomida qiynab kelayotgan muammo ijobiy yechim topmoqda.
Farg‘ona viloyati hokimligi tashabbusi bilan istiqbolli loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihaga ko‘ra, ipakchilar shahridagi “Guliston”, “Zuhro”, “Miltiqsoz”, “Chilonzor”, “Saxovat” mahalla fuqarolar yig‘inlarida mavjud 130 ta (5 ming 711 ta xonadondan iborat) ko‘p qavatli uylarning 123 tasida isitish tizimi to‘liq yangilandi, qolgan uylarda tajriba-sinov ishlari yakuniga yetkazilyapti. E’tiborlisi, har bir xonadonga zamonaviy issiqlik radiatorlari 3 yil davomida bo‘lib to‘lash sharti bilan o‘rnatib berildi.

– Uning an’anaviy loyihalardan asosiy farqi shundaki, bunda jahon tajribasi asosida innovatsion texnologiyalardan keng foydalanilmoqda, — deydi Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi axborot xizmati rahbari Sardorxon Sodiqxonov. — Ya’ni har bir ko‘p qavatli uyning yerto‘la qismida zamonaviy issiqlik elevatori (ITP) o‘rnatilgan bo‘lib, mazkur qurilma har qanday ob-havo sharoitida ham barcha xonadonlarga bir me’yorda issiqlik quvvati berilishini ta’minlaydi. Zamonaviy, energo tejamkor texnologiyalar o‘rnatilishi natijasida shahardagi ushbu 130 ta ko‘p qavatli uyda bir yil mobaynida 15,4 million kub metr tabiiy gaz, 29,5 million kVt elektr energiyasi iqtisod qilinadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, buning samarasi sifatida hudud aholisi kommunal to‘lovlardan har yili 14,5 milliard so‘m mablag‘ni tejab qolishga erishadi.
M.Sulaymonov,
O‘zA