Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energiyani saqlash tizimlari global energetika kelajagini belgilaydimi?
14:41 / 2025-12-30

Energiyani saqlash tizimlari jahon energetikasida muhim bosqichga o‘tmoqda. Ayniqsa, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushining o‘sishi, elektromobil sohasining rivojlanishi va energetika tizimlarining raqamlashtirilishi akkumulyator texnologiyalarini elektr ta’minotida muvozanatni ta’minlash, ishonchlilikni oshirish va energiya samaradorligini kuchaytirishda hal qiluvchi omilga aylanmoqda. Natijada ushbu texnologiyalarga nisbatan barqaror va uzoq muddatli global talab shakllanmoqda.

BloombergNEF” baholariga ko‘ra, joriy o‘n yillik yakuniga qadar dunyo miqyosida o‘rnatilgan energiya saqlash tizimlari hajmi bir necha barobarga oshadi. Ushbu o‘sishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi esa akkumulyatorlarni yirik sanoat miqyosida ishlab chiqarish bo‘ladi. 2025 yilda energiyani saqlash tizimlarining global o‘rnatilgan quvvati taxminan 92 GVt (≈ 247 GVt·soat)ga yetadi, bu 2024 yilga nisbatan qariyb 23 foiz o‘sishni tashkil etadi. 2035 yilga kelib esa energiya saqlash tizimlari bilan jihozlangan energotizimlarning jami quvvati 2 teravatt (≈ 7,3 TVt·soat)gacha oshishi mumkin bo‘lib, bu 2025 yil ko‘rsatkichidan taxminan 8 barobar ko‘p.

Xalqaro energetika agentligining ma’lumotiga asosan energiyani saqlash tizimlarini keng ko‘lamda joriy etmasdan turib, quyosh va shamol generatsiyasining jadal o‘sishi sharoitida energotizimlarning barqaror ishlashini ta’minlash mumkin emas.

XEAning “Akkumulyatorlar va energetik o‘tishning ishonchliligini ta’minlash” nomli maxsus hisobotida qayd etilishicha, 2023 yilda energiyani saqlash tizimlari energetika sohasidagi eng tez sur’atlarda rivojlanayotgan texnologiyaga aylangan. Shuningdek, statsionar akkumulyatorlardan foydalanish allaqachon quyosh va shamol manbalarini energotarmoqlarga integratsiya qilishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Shu tariqa, akkumulyator tizimlari endilikda yordamchi texnologiya sifatida emas, balki qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi ortib borayotgan sharoitda, moslashuvchan va ishonchli energetika infratuzilmasining asosiy elementi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Mamlakatlar akkumulyatorlarni to‘liq texnologik zanjir asosida ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga tobora faol sarmoya kirityapti. Bunday loyihalarga sanoat salohiyati sifatidagina emas, balki energetika hamda texnologik xavfsizlikning muhim tarkibiy qismi sifatida ham qaralmoqda.

Ushbu jarayonning amaliyotdagi misoli sifatida “Rosatom” davlat korporatsiyasining Yoqilg‘i divizioni Kaliningrad viloyati Neman tumanida Rossiyadagi ilk litiy-ion energiyani saqlash tizimlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan gigafabrikani ishga tushirganini keltirish mumkin. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 4 GVt·soatni tashkil etadi. U mamlakatda akkumulyator bo‘limi (yacheyka) uchun zarur bo‘lgan kimyoviy moddalardan tortib, yakuniy modullar va to‘liq batareyalarni yig‘ishgacha bo‘lgan barcha texnologik jarayonni qamrab olgan litiy-ion akkumulyatorlarning eng yirik sanoat ishlab chiqarishiga erishilmoqda. Mahsulotlar elektr energetikasi, elektr transport vositalari hamda sanoat sohalarida qo‘llash uchun mo‘ljallangan.

Ekspertlarning baholashicha, 2030 yilga kelib Rossiyada energiyani saqlash tizimlari bozori 20-30 GVt·soatgacha o‘sishi mumkin. Kaliningraddagi gigafabrika quvvati esa taxminan 1,5 millionta zaryadlash modullari yoki elektromobillar uchun 50 mingta tortish batareyalari ishlab chiqarilishiga tengdir.

Energetikaning kelajagi uchun energiyani saqlash tizimlarining ahamiyati mintaqaviy prognozlar bilan ham tasdiqlanyapti. O‘zbekistonlik akademik Qahramon Allayev akkumulyator tizimlari jahon miqyosida eng tez sur’atlarda rivojlanayotgan energetik texnologiyalar qatoriga kirishini ta’kidladi.

– Quyosh va shamol energetikasi o‘zgaruvchan xususiyatga ega. Shu bois, akkumulyator batareyalari hamda gidroakkumulyatsiya elektr stansiyalarisiz energotizimlarning ishonchli va barqaror ishlashini ta’minlash mumkin emas. Aynan energiyani saqlash tizimlari ishlab chiqarish hajmlaridagi tebranishlarni yumshatishga xizmat qiladi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari keng joriy etilayotgan sharoitda energotizimlar muvozanatini ta’minlash imkonini beradi. Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston uchun energiya iste’molining o‘sishi hamda “yashil” energetika sohasidagi yirik loyihalarni amalga oshirish sharoitida energiyani saqlash tizimlarini rivojlantirish alohida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda, – dedi akademik. 

Umuman olganda, tahlillar akkumulyator texnologiyalari nafaqat energotizimlarning barqarorligini ta’minlash vositasi, balki iqtisodiyotda yangi yuqori texnologiyali tarmoqlarni rivojlantirishda ham muhim manba ekanini ko‘rsatadi. Bu esa mamlakatda ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etishni rag‘batlantirib, barqaror rivojlanish va iqtisodiy o‘sish uchun mustahkam asos yaratadi.

Nasiba Ziyodulayeva, O‘zA