Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energiyaga aylanayotgan chiqindi
17:27 / 2026-02-21

Kechagina ekologik muammo sifatida baholangan maishiy chiqindilar bugun iqtisodiy resursga aylanmoqda.

Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan yangi loyiha ana shu yangicha qarashning amaliy ifodasidir: chiqindixonada hosil bo‘ladigan gazni yig‘ib, uni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayoni boshlandi. Bu tashabbus nafaqat hudud ekologik holatini yaxshilash, balki energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim qadamdir.

Sharof Rashidov tumani “G‘ozg‘ontepa” mahallasi hududida joylashgan, 26,5 gektar maydonni egallagan maishiy chiqindi poligoni har kuni o‘rtacha 300–350 tonna chiqindilarni qabul qiladi. Organik qoldiqlar chirish jarayonida metan va boshqa gazlar ajratadi. Ilmiy manbalarda qayd etilishicha, metanning issiqlik miqdori karbonat angidridga nisbatan bir necha barobar yuqori. Shu bois rivojlangan davlatlarda poligon gazini atmosferaga chiqarish o‘rniga uni maxsus quvurlar orqali yig‘ib, energiya manbaiga aylantirish amaliyoti keng yo‘lga qo‘yilgan.

Jizzaxdagi loyiha ham aynan shu ilg‘or tajribaga tayanadi. U Korea Engineering Consultants Corp. (KECC) hamda “Geotech Engineering & Design Group” ishtirokida amalga oshirilmoqda. Janubiy Koreyaning atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti — KEITI bilan 2021-yil 2-dekabr kuni imzolangan memorandumga muvofiq, 2026-yilga qadar viloyat shahar va tumanlarida chiqindilarni barqaror utilizatsiya qilish infratuzilmasini shakllantirish, chiqindini yoqish zavodi va qayta yuklash stansiyalarini barpo etish, amaldagi poligonlarni optimallashtirish vazifalari belgilab olingan edi. Bugungi amaliy ishlar ana shu kelishuvning izchil davomidir.

Investor sifatida Koreya ekologik korporatsiyasi — K-ECO tomonidan 6,6 million AQSH dollari grant mablag‘i ajratilgan. Loyiha doirasida chiqindixona gazini yoqish orqali kuniga 500 kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Bu ko‘rsatkich hududdagi energetik ta’minot barqarorligiga hissa qo‘shishi bilan birga, qayta tiklanuvchi va muqobil manbalar ulushini oshirishga xizmat qiladi.

Tashabbusning huquqiy zamini ham mustahkam. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2026–2027-yillarda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida “G‘ozg‘ontepa” mahallasi hududida chiqindilarni birlamchi saralash va qayta ishlashni joriy qilish vazifasi aniq belgilab berilgan. Mazkur loyiha shu qarorda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning amaliy ifodasi bo‘lib, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi dasturi ijrosi doirasida atrof-muhit muhofazasi va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan ustuvor maqsadlarga hamohangdir.

2025-yil 19-dekabr kuni koreyalik hamkorlar va pudratchi tashkilotlar vakillari ishtirokida grant mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ishlar rejasi kelishib olindi. 2026-yil yanvar oyida barcha ruxsat etuvchi normativ hujjatlar mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda rasmiylashtirildi. Loyiha hujjatlari viloyat ekologiya boshqarmasi, “Adonis Projekt” MCHJ va “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi hamkorligida tegishli nazorat organlari bilan kelishildi hamda Arxitektura va shaharsozlik kengashining ijobiy xulosasi olindi.

2026-yil 1-oktabrga qadar birinchi bosqich — mavjud chiqindilarni ko‘chirish, surish va gaz sizib chiqishini ta’minlovchi maxsus quvurlarni joylashtirish ishlari bajariladi. Shu yil oktabr oyi yakuniga qadar ikkinchi bosqich, ya’ni gazni yig‘ish va undan elektr energiyasi ishlab chiqarish inshootini qurish ishlari to‘liq yakunlanadi. Noyabr oyi oxirida ob’ekt sinov tariqasida ishga tushirilib, dekabr oyida to‘liq quvvatda faoliyat boshlashi rejalashtirilgan.

[gallery-27799]

Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, inshoot ishga tushgach, kamida 30 yil davomida chiqindi gazidan barqaror ravishda elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Bu atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar hajmini qisqartirish, sanitariya holatini yaxshilash va hududda ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Xalqaro amaliyot shuni ko‘rsatadiki, poligon gazini utilizatsiya qilish tizimi joriy etilgan hududlarda issiqxona gazlarining chiqindilari sezilarli darajada kamayadi, yer va havo ifloslanishining oldi olinadi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA