bugungi kunda barcha yo‘nalishlar qatorida energetika sohasida ham ulkan islohotlarni amalga oshirish davr talabiga aylanmoqda.
Xususan, barchamiz uchun global masalalarga aylanayotgan elektr energiyasi, undan oqilona foydalanish, arzon, ishonchli, barqaror va zamonaviy energetikani joriy etish choralarini ko‘rishga zarurat tug‘ilayotir. Bunday talab esa mamlakatimiz ravnaqi va aholining farovon hayotini ta’minlashdek ustuvor vazifalar bilan bog‘liqdir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasiga energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod XO‘JAEV “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining joylardagi ijrosini nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlari va joriy yil “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”ga mo‘ljallangan davlat dasturining 164-bandi ijrosi yuzasidan axborot berar ekan, unda tizimdagi tub o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar va aholi ehtiyojini qondirish kabi muhim masalalar uzviyligi muhim ahamiyat kasb etishi borasida alohida to‘xtalib o‘tdi.
[gallery-8172]
– Shuni qayd etish kerakki, bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda 2020 yil 14 iyuldagi “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi, – dedi Sh.Xo‘jayev. – Ushbu qonun ijrosini ta’minlash maqsadida Prezidentimizning 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2020 yil 10 iyuldagi “Iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va mavjud resurslarni jalb etish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilg‘i-energetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilinib, ular ijrosini ta’minlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirildi.
Bu boradagi ishlarni raqamlarda tahlil qiladigan bo‘lsak, 2020-2022 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarining 25 ta yirik energiya sarflovchi korxonalarida 3,3 milliard kVt.soat elektr energiyasi, 2,6 milliard metr kub tabiiy gaz va 16,5 ming tonna neft mahsulotlarini tejash bo‘yicha choraklar kesimida chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Mazkur chora-tadbirlar tufayli iqtisodiyot tarmoqlarida 2020 yilda 916,84 million kVt.soat elektr energiyasi, 1371,93 million metr kub tabiiy gaz va 5,4 ming tonna neft mahsulotlarini tejashga erishildi.
Iqtisodiyot tarmoqlarida 2021 yil davomida 1,7 milliard kVt.soat elektr energiyasi, 1,6 milliard metr kub tabiiy gaz va 12,4 ming tonna neft mahsulotlari tejalishiga muvaffaq bo‘lindi.
Joriy yildagi ishlar sarhisobi haqida gap ketganda, 2022 yil davomida 855,5 million metr kub tabiiy gaz, 872,9 million kVt.soat elektr energiyasi va 11,7 ming tonna neft mahsulotlarini, jumladan, joriy yilning I-yarim yilligi davomida 380,76 million metr kub tabiiy gaz, 361,11 million kVt.soat elektr energiyasi va 5,8 ming tonna neft mahsulotlarini iqtisod qilish rejalashtirilgan. Vazirlik va idoralardan olingan tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilning I-yarim yilligi yakuni bilan 817,16 million metr kub tabiiy gaz, 447,0 million kVt.soat elektr energiyasi va 8,3 ming tonna neft mahsulotlari tejalgan.
Shu bilan birga, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Toshkent davlat texnika universiteti mutaxassislari bilan hamkorlikda “Sanoat korxonalari va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida energiya resurslari iste’molini tahlil qilish va prognozlash axborot tizimi”, ya’ni “Yagona axborot tizimi” yaratildi.
2022 yil “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”ga mo‘ljallangan davlat dasturining 164-bandi ijroga to‘xtaladigan bo‘lsak, Davlat dasturining ijrosini ta’minlash maqsadida respublika hududidagi taqsimlovchi elektr tarmoqlarini yangidan qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish dasturi doirasida qator ishlar amalga oshirildi.
Prezidentimizning 2022 yil 18 martdagi “2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunda jami 1 164,9 kilometr taqsimlovchi elektr uzatish tarmoqlari va 395 ta transformator punktlari qurish va yangilash ishlari olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar jami 2 792,5 kilometr taqsimlovchi elektr uzatish tarmoqlari va 1 110 ta transformator punktlari yangilanadi.
Bundan tashqari, “2022-2026 yillarda respublikaning 0,4-110 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur qarorda jami 76 000 kilometrdan ortiq taqsimlovchi elektr uzatish tarmoqlari va 20 000 taga yaqin transformator punktlari rekonstruksiya qilinishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, taqsimlovchi elektr tarmoqlarida texnologik yuqotishlarni 50 foizgacha 4 milliard kVt.soatga kamaytirish Qibray tumanida sinov tariqasida loyiha ishga tushirilgan. Loyiha doirasida Toshkent viloyati Qibray tumani Istiqlol MFYda sinov tariqasida taqsimlovchi elektr tarmog‘ida quvvati 400 kVA bo‘lgan transformator punktini jami 7 ta, jumladan, 3 ta quvvati 63 kVAli va 4 ta quvvati 40 kVAli transformator punktlariga almashtirish ko‘zda tutilgan.
bugungi kunda loyiha-smeta hujjatlari to‘liq ishlab chiqilib, Qurilish vazirligi huzuridagi “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKning Toshkent viloyati filiali tomonidan ijobiy xulosa olingan. Shuningdek, qurilishi rejalashtirilgan transformator punktlari ob’ekt hududiga olib kelinib, 150 ta tayanchdan 50 tasi o‘rnatilgan. Loyiha joriy yilning 20 avgustiga qadar ishga tushiriladi. Mamlakatimizning magistral elektr tarmoqlarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish doirasida jami 101,4 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari qurilib, 318 ta tayanchdan 190 tasi o‘rnatildi.
Muxtasar aytganda, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz turmush tarzini yanada yaxshilash maqsadida olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va aholining energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojini qanoatlantirishga qaratilgan ishlar tizimli tashkil etilmoqda. Bunday ulkan va mas’uliyatli ishlarda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qonun, farmon va qarorlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zA muxbiri
Nasiba ZIYODULLAEVA