FOTOREPORTAJ
Navoiy Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tasarrufida 37 ta nasos stansiyasi mavjud bo‘lib, ular orqali viloyat qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari samarali sug‘orilmoqda.
Boshqarma tizimida 473 ta yer osti tik quduqlari mavjud bo‘lib, ular zax qochirish, sug‘orish va yaylov suv ta’minoti uchun xizmat qiladi.
O‘tgan yilda boshqarma belgilangan rejalarni uddalab, qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shdi. Xususan, 2025-yilda elektr energiya limiti 119,633 mln kVt soat bo‘lib, amalda 92,619 mln kVt soat sarflandi. Shu davrda 667,88 mln metr³ suv chiqarilib, ekin maydonlariga yo‘naltirildi.
Kuzgi-qishki ta’mirlash tadbirlari o‘z vaqtida amalga oshirilishi mavsumni betalofat o‘tkazishda muhim ahamiyatga ega. 2025–2026-yil kuzgi-qishki ta’mir ishlari doirasida Xatirchi tumanidagi “Toss nasos” stansiyasining 4 ta nasos agregatiga D3200-75, Qiziltepa tumanidagi “O‘rtacho‘l” va “Bo‘ston-2” stansiyalariga 1 ta D12500-24 va 2 ta D6300-80, Navbahor tumanidagi “Qalqon” stansiyasiga 2 ta D5000-32 turdagi yangi zamonaviy rotorlar o‘rnatildi.
[gallery-27698]
Bu amaliy ishlar Karmana mexanika va ta’mirlash sexi xodimlari tomonidan sifatli amalga oshirildi. Sex 2003-yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda va hozirda 15 nafar ishchi-xodimlar faoliyat yuritmoqda. Asosiy vazifasi — nasos agregatlari ehtiyot qismlarini ta’mirlash.
— 2025-2026-yilgi kuzgi-qishki tadbirlar doirasida barcha ta’mirtalab nasos agregatlar va tiq quduqlarda joriy va tubdan ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, viloyatimizdagi aholi, fermer va dehqon xo‘jaliklariga kafolatli suv yetkazib berish uchun barcha agregatlar shay holatga keltirildi, - deydi Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘i Akmal Hamidov.
2026-yilda boshqarma tasarrufidagi nasos stansiyalarga 5 ta nasos, 7 ta elektrodvigatel, 70 kVt quyosh panellari va 2 ta suv isitish qurilmalari o‘rnatildi. Hozirda II chorakda yana 2 ta nasos va 5 ta elektrodvigatel sotib olish va o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Asosiy maqsad — qishloq xo‘jaligi maydonlarini suv bilan ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligi va bozor to‘kinligiga hissa qo‘shish.
O‘zA fotomuxbiri
Siroj ASLONOV olgan suratlar.