Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energiya uchun davlat yordami amalda
14:51 / 2025-06-18

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 2 apreldagi "Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2025 yil 1 maydan boshlab Sirdaryo viloyatida ham kambag‘al va ehtiyojmand oilalarga har oylik energiya to‘lovlari uchun kompensatsiya tayinlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

–  Eng asosiysi, arizalarni qabul qilish, baholash va kompensatsiya tayinlash jarayonlari avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda. Buning natijasida, 1 iyundan shu kungacha Ijtimoiy himoya yagona reyestri va Kambag‘al oilalar reyestrida ro‘yxatdan o‘tgan 22 117 ta oilaning 91,2 foizi –  taxminan 20 181 nafar fuqaro kompensatsiya uchun ariza topshirdi. Ulardan 1 034 ta oilaga kompensatsiya tayinlangan bo‘lsa, 14 mingdan ziyod ariza maxsus avtomatlashtirilgan skoring tizimi orqali ko‘rib chiqilmoqda, –  deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Sirdaryo viloyati boshqarmasi Ijtimoiy to‘lovlar shu’basi mudiri Bexzod Nodirov. –  Bunda har bir arizachi oilaning daromadlari, mol-mulki va haqiqiy ehtiyoj darajasi inobatga olinadi.

Ariza berish jarayoni qulay va shaffof tashkil etilgan. Joylarda aholiga tushuntirish ishlari faol olib borilmoqda, yirik mahallalarda esa uyma-uy yurish orqali murojaatlar qabul qilinmoqda.

–  Prezident qarori asosida kompensatsiyalar endilikda faqat qish oylarida emas, balki yil davomida har oyda to‘lab boriladi. Bu esa ehtiyojmand oilalar uchun muhim ijtimoiy himoya va yengillik bo‘lib xizmat qilmoqda, –  deydi Bexzod Nodirov.

Shuningdek, me’yordan ortiq energiya iste’mol qilgan, ammo haqiqatan ham ehtiyojmand bo‘lgan oilalarga ham kompensatsiya tayinlanishi ko‘zda tutilgan. Bu amaliyot davlat va aholi o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri