Energiya tejamkorligi – taraqqiyot kafolati! Mazkur shior mamlakatimizda allaqachon o‘z tasdig‘ini topdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Respublikamizda bu borada amaliyotga tatbiq etilayotgan chora-tadbirlar esa xalqaro tajribalar uyg‘unligida amalga oshirilmoqda.
Bu haqda «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasida «Energiya tejamkorligini ta’minlash» mavzusida bo‘lib o‘tgan seminarda so‘z yuritildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi mutaxassislari, Kompaniya rahbariyati va xodimlari ishtirok etishdi.
Darhaqiqat, energiya resurslarini tejash, ulardan oqilona foydalanish va bu orqali ekologik barqaror rivojlanishni ta’minlash davr talabiga aylangan. Seminarda ta’kidlanganidek, an’anaviy turda elektr energiyasi ishlab chiqarish – ekologik barqarorlikka zid ko‘rsatkich. Shu bois, bugungi kunda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oid o‘nlab yirik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.
Seminarda «Energiya tejamkorligi: konsepsiya va ahamiyati», «Zamonaviy texnologiyalar va yechimlar», «Energiya samaradorligini oshirish uchun amalga oshiriladigan tadbirlar» va «Ishlab chiqarish va iste’molda energiyani tejashning amaliy yo‘llari» kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi.
Xususan, ish joyi va xonadonlarda foydalanilmayotgan elektr jihozlari hamda yoritish uskunalarini tarmoqdan uzib qo‘yish, xonalarni yoritishda ko‘proq tabiiy yorug‘likdan (quyosh nuridan) foydalanishga odatlanish, shuningdek, ko‘cha, mahalla va jamoat joylarida elektr energiyasi sarfida tejamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadga muvofiqligi aytib o‘tildi.