Hozirgi kunda suv ta’minoti sohasida elektr energiyasidan oqilona va tejamkor foydalanish masalasi eng dolzarb yo‘nalishlardan biriga aylandi.
Chunki ichimlik suvi ta’minoti infratuzilmasidagi asosiy xarajatlardan biri elektr energiyasi bo‘lib, undan samarali foydalanish orqali iqtisodiy va ekologik samaradorlikka erishish mumkin.
“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2025 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar ushbu yo‘nalishda tizimli islohotlar boshlanganini ko‘rsatadi.
– Joriy yilda energetik samaradorlikni oshirish bo‘yicha aniq maqsadli dastur ishlab chiqildi va bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilmoqda, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Tohirjon Haydarov. – Jumladan, korxonalarda 397 ta yoritish chirog‘iga harakat sensorlari joylashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha ularning 327 tasi foydalanishga topshirildi.
Shu bilan birga, 697 dona oddiy lampani energiya tejovchi LED chiroqlariga almashtirish vazifasi belgilangan edi. Amalda 711 ta zamonaviy chiroq o‘rnatildi, reja 105 foizga bajarildi. Ma’lumki, LED texnologiyasi an’anaviy yoritish vositalaridan bir necha barobar kam energiya sarflab, uzoq muddatli foydalanish imkonini beradi.

Tizimda reaktiv quvvatni qoplash maqsadida 1 910 kVAr sig‘imli kondensator batareyalari joylashtirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, 6 oylik davr mobaynida 1 311 kVAr hajmidagi jihozlar ishga tushirildi. Bu yillik rejaning 68,6 foizini tashkil etadi.
Quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Rejada 3 660 kVt quvvatdagi quyosh panellarini joriy etish nazarda tutilgan bo‘lib, amalda 3 868 kVt quvvatga ega inshootlar ishga tushirildi. Bu ko‘rsatkich rejadan 106 foiz yuqori natijani ko‘rsatadi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida dastlab 1 million 647 ming kVt/soat elektr energiyasi tejalishi kutilgan bo‘lsa, amalda 1 million 923,1 ming kVt/soat energiya tejaldi. Moliyaviy hisob-kitoblarga ko‘ra, bu 1 milliard 923,1 million so‘mlik iqtisodiy samarani ta’minladi. Umumiy hisobda yilning birinchi yarmida energiya tejash bo‘yicha belgilangan reja 116,8 foizga bajarildi.
Nasos agregatlari samaradorligini oshirish maqsadida 501 ta eski turdagi, yuqori sarfli nasos yangi, energiya tejovchi uskunalarga almashtirildi. Bu orqali 833 ming kVt/soat energiya tejaldi.
Shuningdek, jamiyat mablag‘lari hisobiga 161 ta inshootda umumiy quvvati 7 953 kVt bo‘lgan quyosh panellari joylashtirildi. Ularning yordamida 7,1 million kVt/soat elektr energiyasi tejaldi, bu 7,1 milliard so‘mlik iqtisodiy foyda demakdir.
Sohadagi yana bir yangilik “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan hamkorlikda avtomatlashtirilgan hisobga olish va nazorat qilish tizimi (ASKUE) joriy etilganidir. U orqali ichimlik suvi va oqova suv ob’ektlarida sarflanadigan elektr energiyasi real vaqt rejimida monitoring qilinadi. Texnologik normativlardan og‘ishish yoki uskunalarda nosozlik kuzatilganda tezkor chora ko‘rish, shu bilan birga elektr iste’moli yuzasidan shaffof hisob-kitobni ta’minlash imkoni ham yaratildi.
Xulosa qilib aytganda, 2025 yilning dastlabki olti oyida amalga oshirilgan choralar orqali milliardlab so‘m iqtisod qilingan. Eng muhimi, bu jarayon faqat iqtisod emas, balki xizmatlar sifatini yaxshilash, ekologik barqarorlik va kelajak uchun mas’uliyatni ta’minlashga qaratilgan. Har bir tejalgan kilovatt-soat barqaror rivojlanish sari qo‘yilgan yana bir qadamdir.
Nilufar Bozorova, O‘zA