French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energiya tejamkor qurilmalar tabiiy gazning 50 foizgacha iqtisod qilinishiga olib keladi
18:58 / 2021-05-22

bugungi kunda dunyo bo‘yicha yoqilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan talab-ehtiyojning uzluksiz oshib borayotganini inobatga olsak, asosiy talablardan biri elektr energiyasi va tabiiy gazdan oqilona foydalanish va uni imkon qadar tejamkorlik bilan ishlatish kerakligini anglatadi. Bu nafaqat jamiyat uchun, balki oilamiz uchun ham naf keltiradi.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 22 avgustda qabul qilingan “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida bu boradagi muammolarni bosqichma-bosqich hal etish chora-tadbirlari belgilab berilgan.

“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali tomonidan viloyatdagi aholi xonadonlariga o‘rnatilgan ma’nan eskirgan va ko‘p gaz sarflaydigan gaz gorelkali qurilmalarni energiya tejamkor qurilmalarga almashtirish yuzasidan targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Iste’molchilarga tejamkor gorelkalarning iqtisodiy tomondan afzalligi bilan birga xavfsiz jihatlari haqida ham ma’lumotlar berilmoqda.

Olib borilgan targ‘ibot ishlari natijasida joriy yilning ayni vaqtiga qadar aholi xonadonlaridagi eskirgan, ko‘p gaz sarflaydigan 1963 ta gaz gorelkalari, ulgurji iste’molchilardagi 255 ta ko‘p gaz sarflaydigan qurilmalar energiya tejamkor qurilmalarga almashtirildi. Birgina aprel oyining o‘zida esa 361 ta ma’naviy eskirgan gaz uskunalari zamonaviy energotejamkor gaz yondirgichlariga o‘zgartirildi.

– Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, isitish qozonining eski gaz gorelkasini avtomatlashtirilgan turiga almashtirib, 50 foizgacha tabiiy gazni iqtisod qilish mumkin, – deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialining “Servis xizmatni rivojlantirish” bo‘limi boshlig‘i Oybek Mavlonov. – Demak, tejamkor gorelka o‘rnatish uchun qilingan xarajat bir kuz-qish mavsumining o‘zida qoplanadi. Ammo iste’molchilarning aksari tejamkor gaz gorelkalari o‘rnatishda uning xarajatlari haqida o‘ylashadi. Hozir respublikamiz bo‘ylab iste’molchilarga “Tabiiy gaz nazorati va hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimi” loyihasi (GNHAT)ni joriy etish ishlari davom etmoqda. Uskuna iste’molchining yoqilg‘i sarfini yuqori aniqlik bilan o‘lchab, real vaqt rejimida ma’lumotlarni uzatadi. Shuning uchun ham hozirda iste’molchilar nazarida sarf qilingan tabiiy gaz hisob-kitobi oldingiga qaraganda farq qiladi. Agar tejamkor gorelka o‘rnatilsa, gaz tejaladi, iste’molchi uchun chiqim kamayadi.

Viloyat aholi xonadonlarida 2218 ta iste’molchining isitish qozonlari gorelkalari energotejamkor gaz uskunalariga almashtirilib, bir oyda 332 ming metr kub gaz yoki 126 million so‘m mablag‘ tejalishiga erishilmoqda. Qish mavsumida esa, bu ko‘rsatkich 1 million 663 ming metr kub gaz yoki 632 million so‘m mablag‘ni tashkil etadi. Tejamkor gorelka qancha ko‘p o‘rnatilsa, tejalgan gaz va mablag‘ hajmi ham shuncha ortib boraveradi.

Iqtisod qilingan mahsulot orqali esa energiya resurslariga ortib borayotgan talab-ehtiyojni qondirish imkoniyati yuzaga keladi.  

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA