Bugungi kunda Navoiy viloyatining Karmana tumanida 30 ming nafardan ziyod aholi vakillari tabiiy gazdan foydalanadi.
Bu esa o‘z navbatida aholi va ulgurji iste’molchilardan gazni iqtisod qilishni, xonadonlar va ijtimoiy ob’ektlarda energiya tejamkor gaz uskunalaridan foydalanishni taqozo etadi. Shu boisdan “Karmanatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan doimiy targ‘ibotlar olib borilib, zamonaviy energiya tejamkor gaz uskunalarining afzalliklari haqida atroflicha ma’lumotlar berilmoqda.

Hozirda tumanning O‘zbekiston mahallasida tabiiy gaz iste’mochilari soni 205 tani tashkil etadi. Bu yerdagi aholi xonadonlarida jami 85 ta zamonaviy energiya tejamkor gaz yondirgichi o‘rnatildi. Zamonaviy energiya tejamkor gaz yondirgichlari tabiiy gazni taxminan 30-35 foizga iqtisod qiladi. Muhimi u xavfsizlik avtomatikasiga ega.

– Xonadonimizga zamonaviy tejamkor gaz yondirgich o‘rnatganmiz, – deydi Yaxshigul Ochilova. – Bu jihoz tabiiy gazni ancha iqtisod qilishini guvohi bo‘ldik, xonadonimiz xavfsiz, issiqlikdan muammo yo‘q, tabiiy gazga to‘lovimiz ham kamaydi.
Aytish kerakki, aholi xonadonlari barobarida aksariyat ijtimoiy soha ob’ektlarida ham binolarni isitishda tejamkor gaz uskunalaridan foydalanilmoqda. Buni tumandagi 13-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti misolida ham ko‘rish mumkin. Avvallari bu tashkilot binosini isitishda eski gaz isitish jihozlaridan foydalanib kelingan bo‘lsa, hozirda zamonaviy isitish qozonxonasi orqali binoni isitish yo‘lga qo‘yilgan.

– Zamonaviy tejamkor isitish qozonxonasidan foydalanib kelayotganimizga ikki yil bo‘lyapti, – deydi bog‘cha mudirasi Gavhar Normurodova. – Ilgari butun binoni isitishda ikkita qozonxonadan foydalanardik, ishchi kuchi ham sarf bo‘lardi. Hozir avtomatlashtirilgan zamonaviy tejamkor isitish qozonxonasidan foydalanishimiz natijasida gaz sarfi o‘tgan yillarga qaraganda 25-30 foizga kamaydi. Bu tashkilot byudjetiga foyda bo‘lyapti. Ishchi kuchi ham shart emas.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 30 oktyabr holatiga tuman bo‘yicha 1 ming 397 ta energiya tejamkor gaz yondirgichlari o‘rnatilgan. Yil oxiriga qadar esa bu ko‘rsatkich yanada oshiriladi. Targ‘ibot ishlari esa davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA