Bosh prokuror o‘rinbosari Sh. Aminov, Energetika vazirligi va “O‘zenergoinspeksiya” rahbarlaridan iborat ishchi guruh tomonidan Navoiy viloyatida energiya samaradorligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, energiya iste’moli yuqori bo‘lgan korxonalarning faoliyati tahlil qilinib, belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar bajarilishini ta’minlash choralari ko‘rilayapti.
Jumladan, energiya iste’moli yuqori bo‘lgan “Navoiy IES”, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement” AJlar va boshqa sanoat korxonalari faoliyatida energiya resurslarini iqtisod qilishning ahvoli joyiga chiqqan holda tahlil qilindi.

Jarayonda ushbu korxonalarda ortiqcha iste’molga sabab bo‘layotgan omillar, ya’ni iste’molga mos ravishda quyosh panellari o‘rnatilmaganligi, balansida mavjud transformator va tarmoqlarning ta’mirlanmaganligi va tejamkor bo‘lmagan gaz uskunasidan foydalanib kelayotganligi aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Navoiy viloyati hokimligida energiya iste’moli yuqori bo‘lgan yirik iste’molchilar hamda soha mutasaddilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, viloyatda energiya resurslarini tejash bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash bo‘yicha tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
O‘rganishlar davom etmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri