O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi harbiy prokurori B.Qudratxo‘jayev tomonidan Buxoro viloyatida o‘rganishlar olib borildi.
Jarayonda energiya samaradorligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning ahvoli o‘rganildi. Yirik iste’molchilarning faoliyati tahlil qilinib, belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar bajarilishini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, “Shoxrud” AJ, “Buxoro energomarkaz” MCHJ kabi qator ob’ektlar faoliyatida hamda aholi xonadonlarida energiya resurslarini iqtisod qilish imkoniyati bevosita o‘rganildi. Ortiqcha iste’molga sabab bo‘layotgan holatlarni bartaraf etish yuzasidan amaliy tadbirlar olib borildi.

Buxoro shahridagi Imom Buxoriy mahallasida tadbirkorlar uchun energiya tejamkor uskunalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Energiya resurslaridan oqilona foydalanishning afzalliklari va ularni talon-toroj qilishning huquqiy oqibatlari xususida tushuntirishlar berib o‘tildi.

Shuningdek, Buxoro shahri IIB 3-sonli IIBda monitoring markazi va jinoyatchilikning oldini olish faoliyati natijalariga e’tibor qaratildi.
Shahardagi Bunyodkor mahallasida yettilik tizimi va huquq-tartibot maskani faoliyati, hududda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish ishlari o‘rganilib, mas’ullarga tegishli tavsiyalar berib o‘tildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri