Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energiya samaradorligi past maishiy texnikalar qanday sinflar bilan belgilanadi?
10:31 / 2025-03-19

Bilasizmi, shunday maishiy texnikalar borki, ulardan kun davomida qisqa fursatga foydalansangiz ham, juda ko‘p elektr energiyasi sarflaydi.

Misol uchun, isitkichlar. Qurilma soatiga taxminan 1500 vatt quvvatda ishlaydi. Shu jumladan, konditsioner ham. Bugungi kunda idish yuvish mashinasi eng qulay qurilmalardan bo‘lib, vaqtingizni tejashga xizmat qiladi, ammo mazkur texnikadan foydalanish qimmatga tushishi mumkin. Bu qurilma nafaqat maxsus yuvish vositalarini, balki ko‘p elektr energiyasini ham talab qiladi – har soatda taxminan 1350 vatt energiya ketadi. Soch quritkichdan uzoq vaqt foydalanish ham soatiga 1000 dan 1875 vattgacha energiya sarf qiladi. Dazmol soatiga taxminan 1200 vatt quvvat sarflaydi.

“O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DM tomonidan tashkil etilgan press-tur davomida ana shular haqida ma’lumot berildi, jurnalistlar energiya samarador maishiy texnikalar bilan tanishtirildi.

Toshkent shahridagi “ELTECH-LAB” MCHJ sinov laboratoriyasiga tashkil etilgan press-turda maishiy texnika mahsulotlari, jumladan, muzlatgichning xalqaro standartlarga ko‘ra sinovdan o‘tishi, baholash jarayonlari bilan tanishdik. Ta’kidlash lozimki, maishiy elektrotexnika mahsulotlarining energosamaradorligi ISO IEK 62552 xalqaro standarti bo‘yicha baholanadi. Shuningdek, muzlatgichlarning muzlatish bo‘limlarida muzlash jarayoni, eritish chastotasi, jihozning harorat oshganda temperaturani kamaytira olish imkoniyatlari kabi sinov ko‘rsatkichlarini kuzatdik.

Ta’kidlanishicha, 2022 yilning sentyabr oyidagi 220-sonli Prezident qarori bo‘yicha, O‘zbekiston hududiga energiya samaradorligi past bo‘lgan maishiy texnikalarni import qilishga cheklov qo‘yilgan.

Shuningdek, 2016 yildan e’tiboran, elektrojihozlarning energiya samaradorligini belgilash tartibi joriy qilingan. Energiya samaradorlik darajalari A, V, S, D, E, F va G sinflari bilan belgilanadi.

Energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan maishiy oshxona anjomlari ko‘p energiya sarflaydigan jihozlarga qaraganda qimmatroq bo‘ladi. Tabiiyki, foydalanuvchilarda bunday uskunadan foydalanish samaralimi va narx farqi qanchalik tez qoplanadi, degan savol tug‘iladi. Ko‘p turdagi maishiy texnika doimiy ravishda ishlaydi, shuning uchun ular har kuni, har soniyada energiya sarf qiladi. Shu sabab bir necha yil foydalanishdan keyin energiya samarador texnika narx o‘laroq manfaatli ekanligi ko‘rinadi. Yuqori sifatli, elita maishiy texnika odatda yuqori energiya samaradorligi bilan ajralib turadi.

Eng muhimi shundaki, energiya samarador jihozlarni ishlatish bilan atrof-muhitga bo‘lgan zararni kamaytirish mumkin.

Sh.Mamaturopova, O‘zA