Bugun "O‘zenergoinspeksiya"da o‘tkazilgan yig‘ilish yoqilg‘i-energetika resurslaridan oqilona foydalanish, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida shaffoflikni ta’minlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish masalalariga bag‘ishlandi.
"O‘zenergoinspeksiya" va Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) devoni hamkorligida tashkil etilgan tadbirda inspeksiyaning barcha hududiy bo‘limlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar yuzasidan belgilangan qonuniy tartiblarga rioya etish, mazkur jarayonda inson huquqlari va tadbirkorlik erkinligiga doir prinsiplarga amal qilish masalalari atroflicha muhokama etildi.
Shuningdek, unda korrupsiyaga qarshi kurashish, energiya resurslari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, sohada ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlarni amaliyotga to‘g‘ri tatbiq etish zarurligi ta’kidlandi.
– Har bir tekshiruv, har bir nazorat harakati qat’iy qonun doirasida hamda shaffof va xolislik asosida amalga oshirilishi shart. Bunda nafaqat davlat manfaatlari, balki tadbirkorlarning qonuniy huquqlari ham e’tibor markazida bo‘lishi lozim. Bu borada barcha xodimlardan mas’uliyat va professional yondashuv talab etiladi. Bugungi kunda davlat va jamiyat oldida turgan muhim vazifalardan biri energetika sohasida tizimli nazorat va samaradorlikni ta’minlashdir. Biz samarali nazorat orqali ishonchli va barqaror energetika tizimini shakllantirishni maqsad qilganmiz. Buning uchun esa insoniylik, adolat va qonuniylik tamoyillariga tayanishimiz lozim, – deya qayd etdi “O‘zenergoinspeksiya” boshlig‘i o‘rinbosari Xurshidjon Eshqo‘ziyev.
Yig‘ilishda hududlardagi tadbirkorlik sub’ektlari duch kelayotgan muammolarni tezkor tarzda aniqlash, ularni bartaraf etish va amaliy yordam ko‘rsatish vazifasi inspeksiyaning hududiy bo‘linmalari oldiga aniq va maqsadli vazifa sifatida qo‘yildi. Shu bilan birga, mazkur tashkilotning ayrim hududiy boshqarmalari tomonidan belgilangan vazifalarning bajarilishida sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani tanqid qilindi. Ijro intizomida kamchilikka yo‘l qo‘ygan mas’ullarga tegishli tushuntirishlar berilib, ular faoliyati yuzasidan muntazam monitoring olib borilishi belgilandi.
Yig‘ilish yakunida tizimdagi ish samaradorligini hamda xodimlarning bilim va malakasini doimiy ravishda oshirish, tadbirkorlar bilan o‘zaro ishonch asosida muloqot qilishni kuchaytirish kabi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA