Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energiya auditi sifat va natijalarning yetarli emasligini ko‘rsatdi
15:18 / 2026-01-12

Energiya samaradorligi har qanday yirik korxona va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari uchun ustuvor ahamiyatga ega. Yillik katta iste’molchi kompaniyalarda yoqilg‘i va elektr energiyasini oqilona foydalanish ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan muhimdir.

Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan energiya auditlari faqat yuzaki tekshiruvlar bilan cheklansa, samarali tahlil va aniq xulosalar chiqarish imkoni cheklanadi. Bu esa resurslarni tejash va samaradorlikni oshirish borasidagi qarorlarning sifatini pasaytiradi.

Shu sababli, yaqinda “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan 500 tonna va undan ortiq shartli yoqilg‘i hamda 250 tonna va undan ortiq motor yoqilg‘ini iste’mol qiluvchi 5 ta yirik yuridik shaxsda energiya auditi tekshirildi.

– Xususan, Toshkent shahrida joylashgan “H.T.” MCHJning 9 ta issiqlik markazida o‘tkazilgan energiya auditi 4 oy davomida amalga oshirildi. Tekshiruv natijalari shuni ko‘rsatdiki, eksperimental o‘lchov ishlari chala va yuzaki bajarilgan, ya’ni yoqilg‘i va energiya resurslaridan samarali foydalanishni baholash to‘liq emas. Shu bilan birga, xulosada an’anaviy tavsiyalar qo‘llanilishi natijasida “T. I. M.” MCHJda faqat 18 545 ming metr kub  (2,2 foiz) tabiiy gaz va 4 773 ming kVt soat (1,9 foiz) elektr energiyasi iqtisodi ko‘rsatilgan, neft mahsulotlari iqtisodi esa umuman o‘rganilmagan. Bu holat audit sifati va natijalarining yetarli emasligini ochiq ko‘rsatadi, – dedi inspeksiya axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev.  

Xulosa qilib aytish mumkinki, audit jarayonida aniqlik va chuqur tahlilning yo‘qligi resurslardan samarali foydalanishni baholashda katta cheklovlarga olib keladi. Auditor tashkilotiga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan bo‘lsa-da, ular amalga oshirilmasa, energiya samaradorligi haqida ishonchli va to‘liq xulosalar chiqarish qiyin bo‘ladi. Bu esa sohadagi boshqaruv samaradorligining pasayishiga olib keladi.

N.Ziyodullayeva,  

O‘zA