Bu haqda "O‘zenergoinspeksiya" axborot xizmati ma’lum qildi. Unga ko‘ra, majburiy energiya auditini o‘tkazish bo‘yicha belgilangan talablarni bajarmagan korxonalarga nisbatan qonunchilik doirasida ta’sir choralari ko‘rilmoqda. Xususan, energiya auditini o‘z vaqtida tashkil etmagan korxona rahbar va mutasaddilariga nisbatan jami 63 ta ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanildi.
Davlat energetika reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda 357 ta korxonada majburiy energiya auditi o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Biroq yil davomida korxonalardan kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinib, faoliyati qisqargan yoki butunlay tugatilgan 38 ta korxona aniqlandi. Mazkur korxonalar Davlat energetika reyestridan chiqarilib, natijada 2025 yil yakuniga qadar 319 ta korxonada energiya auditini o‘tkazish belgilandi.
Olib borilgan ishlar natijasida hozirgi kunda 114 ta iste’molchining energiya auditi to‘liq yakunlangan. Qolgan korxonalarda esa audit ishlari amalda davom etmoqda va belgilangan tartibda bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Energiya auditlari natijalariga ko‘ra, yoqilg‘i-energetika resurslarini tejashga qaratilgan 1052 ta tashkiliy-texnik chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Ushbu tavsiyalarning amalga oshirilishi hisobiga 797,5 million kVt soat elektr energiyasi, 247,2 million kub metr tabiiy gaz, 215,4 ming Gkal issiqlik energiyasi hamda 2,5 ming tonna neft mahsulotlarini iqtisod qilish imkoniyati yaratilmoqda.
Shu bilan birga, energiya samaradorligini oshirish va energiya auditlari jarayonini raqamlashtirish maqsadida Yagona energiya auditi tizimi platformasi ishga tushirildi. Mazkur platforma orqali bugungi kunga qadar energiya auditini o‘tkazish dasturlarini kelishish bo‘yicha 39 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 22 tasi belgilangan tartibda ma’qullandi.
Ayni paytda energiya resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA