Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetiklik kasbi ham faxr, ham katta mas’uliyat
13:21 / 2020-12-22

Bugun “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatida 22 dekabr –Energetiklar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Energetika sohasi faxriylari, aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi a’zolari hamda tizimda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar ishtirok etgan tadbirda “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ruslan Mubarakshin joriy yilda sohada amalga oshirilgan ishlar, investitsion loyihalar ijrosi hamda modernizatsiya jarayonlari xususida to‘xtalib o‘tdi.

– So‘nggi ikki yilda iqtisodiyot tarmoqlari rivoji va aholi ehtiyojlarining ortib borishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan talab yiliga o‘rtacha 2-2,5 dan 3 milliard kVt soatgacha o‘sib borayotganligini kuzatyapmiz. Bu ko‘rsatkich barchamizni mamnun qilishi aniq, chunki bu bilan respublikaning sanoat salohiyati o‘sib bormoqda, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun sharoit yaratilmoqda. Eng muhimi, aholining farovonligi va turmush darajasi oshmoqda. Bu esa bizning oldimizga elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonini yanada rivojlantirish, sohaga energosamarador texnologiyalarni joriy etish ishlarini jadallashtirish vazifasini qo‘ymoqda, – dedi R.Mubarakshin.

Elektr energetikasi tarmog‘i jamiyat hayotida muhim sanalgan tayanch sohalardan biri hisoblanadi. Uning rivojlanishida malakali hamda fidoyi kadrlarning o‘rni beqiyos. Tadbir doirasida o‘zining ko‘p yillik hayotini sohaga bag‘ishlagan, bilim va tajribasi bilan ko‘plab yoshlarni tarbiyalagan, kamtarin va mehnatkash faxriylarga, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan bir guruh ishchi-xizmatchilarga “Mustaqil davlatlar hamdo‘stligida xizmat ko‘rsatgan energetik”, “Energetika faxriysi” faxriy unvonlari hamda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi elektr energetika kengashi hamda “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatining faxriy yorliqlari, esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.

– Mamlakatimiz iqtisodiyotining yuksalishi, hayotimizning turli jabhalarida islohotlarning samarali amalga oshirilishida elektr energiyasi ishlab chiqarish tizimi korxonalarining o‘rni beqiyos, – dedi mehnat faxriysi X.Abdullayev. – Ayniqsa, unda faoliyat olib borayotgan ishchilarning mehnati katta. Shu sababdan, men ham ushbu soha xodimi bo‘lganimdan faxrlanaman. Kamtarona mehnatim e’tirof etilganidan boshim ko‘kka yetdi.

 

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘ZA