Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetiklar texnik xavfsizlik qoidalariga qay darajada amal qiladi?
17:14 / 2026-01-13

Har bir korxona va tashkilotda xodimlar xavfsizligi ustuvor vazifa hisoblanadi. Ayniqsa, elektr ta’minoti sohasida eng kichik xato ham jiddiy va og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shu bois, bugungi kunda “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MCHJ tomonidan xodimlarning bilim va malakasini doimiy ravishda oshirish, ish jarayonida texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, shuningdek baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jamiyat axborot xizmati rahbari Durdona Shoahmedova bu borada quyidagilarni ta’kidladi:

– Korxonamiz uchun iste’molchilarni uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash bilan bir qatorda, energetiklarimiz xavfsizligini ta’minlash ham juda muhim ahamiyatga ega. Shu sababli, har bir xodimdan mehnat jarayonida texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilishi talab etiladi.

O‘z navbatida, jamiyat tasarrufidagi barcha tuman elektr ta’minoti korxonalari ishchi-xodimlari uchun muntazam ravishda o‘quv mashg‘ulotlari, tushuntirish ishlari va amaliy uchrashuvlar tashkil etib kelinmoqda. Shu bilan birga, ayrim holatlarda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar chuqur tahlil qilinib, ularning kelib chiqish sabablari o‘rganiladi. Bu esa xodimlarning amaliy tajribasini mustahkamlash, kelgusida shunday holatlar takrorlanishining oldini olishga xizmat qilmoqda.

Navbatdagi shunday o‘quv-tahlil tadbiri Sergeli tuman elektr ta’minoti korxonasida tashkil etildi. Uchrashuv davomida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etish, turli baxtsiz hodisalarning paydo bo‘lish sabablari, qoidalarga amal qilinmagan holatlar va ularning salbiy oqibatlari atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, har bir xodim avvalo o‘z hayoti va salomatligini asrash, ish jarayonida texnika xavfsizligi talablariga so‘zsiz amal qilishni ta’minlashi lozim. Elektr tarmoqlari bilan ishlashdagi eng kichik e’tiborsizlik ham katta muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun baxtsiz hodisalarni har kuni tahlil qilish, ulardan to‘g‘ri xulosa chiqarish va har bir ish jarayonida diqqatli hamda hushyor bo‘lish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Uchrashuv davomida xodimlarga hayotiy misollar va aniq amaliy ko‘rsatmalar orqali tushuntirish ishlari olib borildi, mas’ullarga esa xodimlar xavfsizligini yanada mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarni joriy etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Zero, texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish faqat ish talabini bajarish emas, balki inson hayoti va salomatligini saqlashning eng muhim kafolatidir. Xodimlarning yuqori mas’uliyati va doimiy hushyorligi esa korxona faoliyatining barqarorligi va ishonchliligini ta’minlaydi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA