Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetiklar o‘zaro bilim va tajriba almashishdi
16:00 / 2026-01-26

Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida energetika sohasidagi ilg‘or yondashuvlarni o‘rganish, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish hamda mutaxassislar o‘rtasida kasbiy muloqotni kuchaytirish maqsadida tajriba almashinuvi tashkil etildi.

Tadbirda Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida joylashgan Fransiya, Yaponiya va Qatar davlatlari hamkorligida faoliyat yuritayotgan “Enersok” XK MCHJga qarashli korxona mas’ul xodimlari hamda muhandis-texnik mutaxassislar ishtirok etdi. Mehmonlarga Sirdaryo IES ning tashkil topish tarixi, ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy texnologiyalar va stansiya faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tajriba almashinuvi davomida energetiklar stansiyaning ishlash prinsiplari, energiya ishlab chiqarish jarayonlari, xavfsizlik va ekologik talablarga rioya etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, energiya samaradorligini oshirish, texnologik jarayonlarga raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha amaliy tajribalar muhokama qilindi.

– Bunday hamkorlik tadbirlari sohada ilg‘or tajribalarni joriy etish, mutaxassislarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida energetika tizimining barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi, –  deydi  Sirdaryo IES bosh muhandisining elektr uskunalarini ekspluatatsiya qilish bo‘yicha o‘rinbosari Rahmonali Yusupov.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri