Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetiklar o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi
17:18 / 2025-12-26

Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi Sirdaryo Issiqlik elektr stansiyasida (IES) “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida keng qamrovli tadbirlar o‘tkazildi.

Unda xodimlarning yong‘in xavfini barvaqt aniqlash, favqulodda vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash, shuningdek profilaktik targ‘ibot tadbirlari va o‘quv mashg‘ulotlari davomida olingan bilim va mahoratlar sinovdan o‘tkazildi.

Mazkur musobaqa va mashg‘ulotlar stansiyaning qish mavsumida xavfsiz va betalafot ishlashini ta’minlash, barcha ob’ekt va uskunalarni shay holatga keltirish hamda yuz berishi mumkin bo‘lgan xavfli holatlarni oldindan bartaraf etish maqsadida tashkil etildi.

Musobaqa Sirdaryo IES ning ob’ektlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish bo‘limi va yong‘in-qutqaruv qismi mas’ullari hamkorligida amalga oshirildi.

Musobaqa oldidan ishtirokchilarga yong‘in xavfini aniqlash, xavfli manbalarni bartaraf etish hamda favqulodda holatlarda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha nazariy tushunchalar berildi. Keyin esa uch bosqichdan iborat amaliy sinov o‘tkazildi va har bir jamoa o‘z malakasini namoyish etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra stansiyadagi musobaqada 1-qozon–turbina sexi jamoasi 1-o‘rinni egalladi. 2-o‘ringa Markazlashtirilgan ta’mirlash sexi jamoasi, 3-o‘ringa esa Distillyat chuchuklashtirish stansiyasi jamoasi sazovor bo‘ldi.

– O‘tkazilgan bu mashg‘ulot xodimlarni yong‘in kelib chiqishi mumkin bo‘lgan holatlarning barvaqt oldini olishga, xavfli vaziyatlarda esa tezkor va aniq harakat qilish uchun tayyorlashga xizmat qiladi, – dedi Sirdaryo IES mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi xizmati yong‘in xavfsizligi bo‘yicha katta noziri Jahongir Ovlakimov.  – Chunki bu tadbir, nafaqat ob’ekt xavfsizligi, balki har bir xodimning hayoti uchun ahamiyatlidir.

Eng muhimi, oylik doirasidagi tadbirlar stansiyada xavfsiz ishlash madaniyatini mustahkamlash, xodimlar o‘rtasida mas’uliyat va hushyorlikni yanada oshirishga qaratilgan holda davom ettirilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri