Yurtimizda energetika sohasini modernizatsiya qilish, bu borada xalqaro tajribalardan foydalanish va mutaxassislar salohiyatini oshirish muhim yo‘nalishlardan biriga aylandi. Ayniqsa, yirik loyihalar doirasida xorijiy kompaniyalar bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik natijasida mutaxassislarimizning bilim va ko‘nikmalari sezilarli darajada boyitilmoqda.
Shunga ko‘ra, ayni paytda “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati markaziy apparati va “Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi” AJning bir guruh mutaxassislari Yaponiyaning Tokio shahrida tashkil etilgan maxsus o‘quv-seminarda ishtirok etmoqda.

O‘quv dasturi doirasida “Talimarjon IES”da quvvati 1065 MVt bo‘lgan yangi bug‘-gaz qurilmalarini qurish loyihasi doirasidagi ishlarni samarali tashkil etish, zamonaviy uskunalardan foydalanish, texnik xavfsizlik va ekspluatatsiya madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, seminar ishtirokchilari xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘laridan oqilona foydalanish, loyiha bosh pudratchilari – Ispaniyaning “Intecsa Ingenieria Industrial” hamda “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan treninglarda ham qatnashyapti.

Mazkur maxsus o‘quv-seminar Yaponiyaning dunyodagi yetakchi sanoat korporatsiyalaridan biri – “Mitsubishi Corporation” tashabbusi bilan amalga oshirildi. Qayd etish kerakki, mazkur kompaniya global savdo va sanoat yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi, 90 dan ortiq mamlakatda 200 ga yaqin kompaniya va filialga ega transmilliy korporatsiya hisoblanadi. Energetika, mashinasozlik, infratuzilma, kimyo, iste’mol tovarlari va boshqa qator sohalarda keng qamrovli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Kompaniyaning yuqori texnologiyalarga asoslangan yechimlari bugun dunyo energetika tizimida muhim o‘rin tutadi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, bu kabi amaliyotlar nafaqat soha xodimlarining malakasini oshirish, balki milliy energetika tizimida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga ham qaratilgan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA