Guliston shahridagi “Zomin” tantanalar uyida Energetiklar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Sirdaryo hududiy filialining soha rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan xodimlar, ustozlar, soha faxriylari hamda yosh mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Alisher Xidirov hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Sirdaryo hududiy filiali direktori Yodgor Dehqonov ishtirok etishdi va ular energetika sohasi xodimlarini samimiy bayram bilan qutlashib, o‘z nutqlarida energetiklar faoliyati mamlakat iqtisodiyoti rivoji, sanoat tarmoqlarining barqaror ishlashi hamda aholi farovonligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan yangilanishlar, zamonaviy loyihalar va ishlab chiqarishdagi innovatsion yondashuvlar haqida ham to‘xtalib o‘tdilar.




Bayram tadbiri doirasida ko‘p yillik fidoyi mehnati bilan o‘z ishiga sadoqat ko‘rsatib kelayotgan 17 nafar mutaxassis «Energetika faxriysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashib, soha rivojiga hissa qo‘shayotgan bir qator xodimlarga faxriy yorliq va tashakkurnomalar topshirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri