Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetikada sun’iy intellekt va raqamli yechimlarni joriy etish –bugunning talabi
18:11 / 2025-11-28

Mamlakatimizda energetika sohasini raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanib, bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda. Tizim korxonalarida zamonaviy raqamli yechimlarni tatbiq etish, ish jarayonlarini avtomatlashtirish va innovatsion yondashuvlarni yo‘lga qo‘yish samaradorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, shuningdek, sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoaga yetkazish maqsadida o‘quv-seminari tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 oktyabrdagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga energetika sohasida zamonaviy texnologiyalarning jadal rivojlanishi, raqamlashtirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash, sun’iy intellektni keng joriy qilish uchun qulay sharoitlar yaratish borasida atroflicha tushuntirish berildi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Elektr energiyasini avtomatlashtirish markazi” filiali direktor o‘rinbosari Diyorbek Nishonov ta’kidlaganidek, energetikada sun’iy intellekt va raqamli yechimlarni joriy etish bu kelajak emas, balki bugunning talabidir.

– Biz elektr energiyasi hisobini avtomatlashtirish, dasturiy ta’minotni takomillashtirish va real vaqt rejimida nazorat qilish imkonini beradigan texnologik yechimlarni jamiyat faoliyatiga izchil tatbiq etyapmiz. Bunday seminarlar xodimlarimiz uchun yangi bilim, tajriba va yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Qayd etish joizki, tizimimizda raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosar bir vaqtning o‘zida sohada sun’iy intellektni rivojlantirishga ham javobgar etib belgilangan. Ayni kunlarda jamiyatda elektr energiyasi hisobini avtomatlashtirish, dasturiy ta’minotni yangilash va raqamli infratuzilmani kuchaytirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi u.

Shuningdek, tadbirda raqamlashtirish va sun’iy intellektning dolzarb masalalari, soha korxonalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirish va mazkur yo‘nalishdagi istiqbolli loyihalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA