Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetika yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalar uchun maxsus kurslar tashkil etildi
10:03 / 2022-11-01

“O‘zatom” agentligi “Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent filiali bitiruvchi talabalari uchun “Energetikaga kirish” umumiy nomi ostida fakultativ mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda.

“O‘zatom” agentligining yadro energetikasi va texnologiyalari bo‘limi boshlig‘i, ayni paytda maxsus kurs muallifi va o‘qituvchisi Qosim To‘xtaxunov bu haqda quyidagilarni gapirib berdi.  

– Mashg‘ulotlarni Energetika vazirligi, “O‘zatom” agentligining yetakchi mutaxassislari, mamlakatimiz yoqilg‘i-energetika majmuasining turli korxonalari vakillari olib boradi. Bo‘lajak energetika muhandislari uchun maxsus kurs “Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universiteti Toshkent filialining barcha to‘rt yo‘nalishi 4-kurs talabalari uchun yangi o‘quv yilining kuzgi semestri boshlanishi bilan o‘z faoliyatini boshlaydi.  

Maxsus kurs bitiruvchiga talabaning o‘qish davrida olgan fundamental va maxsus fanlar bo‘yicha yaxlit bilimni birlashtirishga yordam berish uchun mo‘ljallangan. Kelajakda energetika muhandislari uchun nafaqat ularning ixtisoslashuvi to‘g‘risida chuqur bilimga ega bo‘lish, balki tegishli sohalarning o‘ziga xos xususiyatlari va ishlash tamoyilini tushunish ham muhimdir. Ya’ni, energiya tizimini iqtisodiyotning barqaror ishlashi va mamlakat rivojlanishiga bog‘liq bo‘lgan holda muvofiqlashtirilgan yagona tarmoq sifatida qabul qilish kerak.  

Shuningdek, maxsus kursni ishlab chiqishda biz o‘z oldimizga quyidagi vazifalarni qo‘ydik. Birinchidan, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha talabalarga umumiy energetika haqida tushuncha berish, xususan, respublika energetika tizimi qanday ishlashini ko‘rsatish, mavjud va kutilayotgan muammolar hamda ularni hal etish borasida jahon tajribasi haqida so‘zlab berish.  

Bu generatsiya masalasiga ham tegishli va biz energiya ishlab chiqarishning barcha turlari ijobiy va salbiy tomonlarini, ya’ni an’anaviy energiya, qayta tiklanadigan energiya manbalari va atom energiyasini o‘rganishni rejalashtirmoqdamiz. Muvozanat va barqarorlik masalalariga alohida e’tibor qaratgan holda elektr tarmoqlarining ishlashini ko‘rib chiqmoqdamiz.  

Energiya tizimining ishonchliligi, elektr energiyasini iste’mol qilish masalasiga kelsak, shuni ta’kidlashni istardikki, energiya tejashning katta salohiyati mavjud. Ushbu sohalarda amaliy tajribaga ega bo‘lgan turli mutaxassislarni jalb qilish talab etiladi. Ushbu kurslar doirasida biz hal qilishni rejalashtirgan navbatdagi vazifamiz – bo‘lajak energetik mutaxassislarni, o‘z yurti va kasbiga nisbatan sadoqatli qilib tarbiyalash.  

Biz talabalarga o‘z kasbining ijtimoiy ahamiyati va mas’uliyatini ko‘rsatishimiz, ularga O‘zbekiston energetika tizimining shakllanish tarixi, uning zamirida turgan o‘qituvchilarimiz haqida so‘zlab berishimiz lozim. Afsuski, ularning izlanishlari va kashfiyotlari jahon energetikasining butun tendensiyalariga asos solganini, ular yozgan darslik va monografiyalar jahon energetikasining klassik namunalari ekanligini kam odam biladi. Bir so‘z bilan aytganda, talabalarda kasbiy g‘urur tuyg‘usini shakllantirish muhim vazifa hisoblanadi.  

Shuni aytish joizki, ushbu kurs boshlangandan buyon ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da, kurs ommalashdi va unga talabalar tomonidan qiziqish uyg‘ondi. Unda  energetika tizimining tuzilishi va ishlashi, elektrotexnikaning texnik asoslari,  energiya tizimining barqarorligi va ishonchliligi, uning to‘g‘ri ishlashi, uzilishlarsiz ishlash jarayonlari haqida batafsil ma’lumot beriladi.  

Umuman olganda ushbu kurs nafaqat nazariy asoslar bo‘yicha ma’ruzalar ko‘rinishida, balki soha yetakchi mutaxassislarining bo‘lajak energetiklar bilan suhbatlari, aniq texnik masalalar hamda amaliyotdagi muammolar yechimlari haqida amaliy taqdimotlar, shuningdek, dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun ochiq munozaralarni o‘z ichiga oladi. Mualliflar ayni paytda kursni bakalavriat talabalari uchun moslashtirish variantlarini ham ko‘rib chiqmoqda.  

 

Nasiba ZIYODULLAEVA,  

O‘zA muxbiri