Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetika vazirligining rasmiy axboroti
16:02 / 2021-03-31

Joriy yilning 30 mart kuni soat 21.57 da Jizzax viloyati Zarbdor tuman Nurafshon shirkat xo‘jaligi hududidan o‘tgan diametri 1020 mm bo‘lgan “Paxtakor-Yangiyer” magistral gaz quvuri I tarmog‘i 30 kilometrida yong‘insiz quvur yorilishi sodir bo‘lgan.

Tezkorlik bilan holat yuzasidan vakolatli organlarga xabar berilgan. Natijada soat 22.25 da “O‘ztransgaz” AJ markaziy dispetcherlik xizmati ko‘rsatmasi bilan “Paxtakor-Yangiyer” magistral gaz quvurining 19 km va 54 km da berkitish moslamalari to‘liq yopilgan.

Yorilish natijasida jarohatlangan yoki jabrlanganlar yo‘q.  

Soat 00.00 atrofida maxsus brigada zaruriy avariya tiklash texnika vositalari bilan voqea joyiga yetib borgan. Avariya oqibatlarini bartaraf etish, magistral gaz quvuri faoliyatini tezkorlik bilan tiklash maqsadida shtab tashkillashtirildi.

Energetika vaziri Alisher Sultonov hodisa ko‘lami va uni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni bevosita o‘rganish hamda tegishli chora ko‘rish uchun zudlik bilan voqea joyiga yetib bordi.  

Ayni paytda avariya tiklash ishlari olib borilmoqda. Hozirda uzunligi 36 metr bo‘lgan quvur montaj qilinyapti. Mazkur jarayonga malakali mutaxassislar hamda barcha zarur texnika vositalari jalb qilingan.  

Bugun soat 17:00 ga qadar magistral gaz quvurini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, mazkur magistral gaz quvuri 1984 yilda ishga tushirilgan. Ayni paytda hodisa sabablari o‘rganilmoqda.

 

O‘zA