Bugungi kunda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng ko‘lamda foydalanish, “yashil energiya” quvvatlarini oshirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar natijasida 2023-2025 yillar davomida mamlakatda umumiy quvvati 1 ming 914 MVt bo‘lgan quyosh panellari va 4,85 mln. litr geliokollektor o‘rnatildi.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekologik partiya fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan eshituvda aytib o‘tildi. Unda Energetika vazirligining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

Yig‘ilishda ma’lum qilinganidek, joriy yilda quyosh panellari o‘rnatish rejasi 120 foiz, geliokollektorlar o‘rnatish rejasi 136 foizga bajarilgan. O‘rnatilgan quyosh panellari va geliokollektorlar evaziga 2,5 mlrd. kVt soat elektr energiyasi va 761 mln. kub metr gaz tejalgan. Qolaversa, atmosferaga chiqadigan 905 ming tonna SO₂ miqdori kamaytirilgan.
Qayd etilganidek, aholi tomonidan ishlab chiqarilgan 167 mln. kVt soat ortiqcha elektr energiyasi davlat tomonidan xarid qilinib, xonadonlarga 167 mlrd. so‘m to‘lab berildi.
Qo‘mita a’zolari sohada amalga oshirilgan ijobiy ishlarni e’tirof etish bilan birga ayrim kamchiliklarga, hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratdilar. Jumladan, “Yashil energiya” MCHJ faoliyatidagi kechikishlar, 1–5 MVt quvvatli ob’ektlarda ortiqcha energiya sotib olish tartibini joriy etish, texnik xizmat ko‘rsatish sifati, mahalliy mahsulotlarni sertifikatlash va aholi o‘rtasida energiya tejash madaniyatini oshirish masalalari bo‘yicha bir qator savollar ko‘tarildi. Mutasaddilardan tegishli javoblar olindi.
Yakunda qo‘mita a’zolari tomonidan energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish ishlarini jadallashtirish, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash borasida bir qator taklif-tavsiyalar berildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA