Bugun, 20 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Xitoy Xalq Respublikasining “China Datang Overseas Investment” kompaniyasi raisi Zou Ley boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov va tizim tashkilotlari rahbariyati hamda “China Datang Overseas Investment” kompaniyasi delegatsiyasi a’zolari ishtirok etdi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida barcha sohalar qatori energetika tarmog‘ida, xususan, “yashil” energetikani rivojlantirish borasida qator yirik loyihalar amalga oshirilayotgani, bu borada ikki mamlakat rahbarlarining mazkur sohalarni faol qo‘llab-quvvatlayotganligi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqani alohida qayd etildi.
Xususan, olib borilgan ishlar natijasida bugungi kunda Xitoyning “Gezhouba Overseas Investment Group” kompaniyasi tomonidan Qashqadaryo viloyatining Nishon va Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida har birining quvvati 500 MVtdan bo‘lgan 2 ta (jami 1000 MVt) quyosh fotoelektr stansiyasi qurib foydalanishga topshirildi. Hozirgi kunda ular O‘zbekiston energetika tarmog‘iga to‘liq quvvatlarda “yashil” elektr energiyasini yetkazib bermoqda.
Uchrashuvda Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida 263 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasini va Navoiy viloyatidagi 1000 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurish loyihalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, yangi investitsiya loyihalarini hamkorlikda ishlab chiqish, elektr energetika sohasida ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish, zamonaviy elektr texnika uskunalari hamda jihozlari uchun texnik standartlarni tayyorlash va kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida ushbu loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga kelishib olindi va hamkorlikning asosi sifatida ikkita anglashuv memorandumi imzolandi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA