Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetika vazirligi va “ACWA Power” kompaniyasi muqobil energetika bo‘yicha yangi loyihalarni ko‘rib chiqdi 
18:59 / 2022-02-21

Energetika vazirligida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuv muqobil energetika sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga bag‘ishlandi.

Unda Energetika vaziri Alisher Sultonov va Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayan tomonlar o‘rtasidagi hamkorliklar, amalga oshirilayotgan loyihalar va kelgusi rejalar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Alisher Sultonov o‘z so‘zida ishlab chiqarish loyihalarini o‘z vaqtida ishga tushirishni ta’minlash, jumladan, “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan qurilayotgan issiqlik elektr stansiyasi va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish hamda kelgusida texnik xizmat ko‘rsatish muhimligini ta’kidladi.

– Loyiha doirasida O‘zbekiston tomoni dunyodagi pandemiya cheklovlari bilan bog‘liq qiyin logistika holatga qaramay, qurilish-montaj ishlarining reja-jadvallarga muvofiq olib borilayotganidan mamnun, – deya ta’kidladi u. – Buxoro viloyatida Saudiya kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 1,3 milliard dollar bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish loyihasi amalga oshirilmoqda. Ayni paytda mazkur loyiha doirasida potensial kreditorlar bilan muzokaralar o‘tkazilib, ob’ektlarda qo‘shimcha tadqiqot-o‘rganishlari olib borilmoqda.

Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 100 MVt quvvatga ega shamol energetikasi loyihasining borishi ham muhokama markazida bo‘ldi. “ACWA Power” kompaniyasi mazkur shamol elektr stansiyasi orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun past bo‘lgan, ya’ni elektr energiyasining 1 kVt.soati uchun 2,57 sent tarifi taklifi bilan tender g‘olibi bo‘lgan edi. 2021 yilning 17 dekabr kuni kompaniya bilan elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida shartnoma imzolandi.

“ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayanning ta’kidlashicha, vodorod energetikasi bo‘yicha hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishga katta qiziqishi bor. “Air Products” xalqaro kompaniyasi ishtirokida ushbu yo‘nalishda uch tomonlama hamkorlik imzolangan.

Uchrashuv yakunida tomonlar loyihalarni belgilangan jadval asosida amalga oshirish maqsadida mutaxassislar tomonidan mavjud masalalarni batafsil o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishdi. 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA