O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) ga a’zo davlatlar energetika vazirlarining birinchi marta tashkil etilgan uchrashuvida qatnashdi.

Unda shuningdek, Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri Daler Juma, Hindiston neft va tabiiy gaz vaziri Xardip Singx Puri, Qozog‘iston energetika vaziri Nurlan Nogayev, Xitoy davlat energetika boshqarmasining rahbar o‘rinbosari Jen Sindun, Qirg‘iziston energetika va sanoat vaziri o‘rinbosari Tilek Aytaliyev, Pokiston energetika vaziri Ajar Xammad, Rossiya energetika vaziri Nikolay Shulginov, SHHT Bosh Kotibi Vladimir Norov ishtirok etdi.
Forum 2021 yilning 12 avgust kuni Tojikiston davlati raisligi ostida videoanjuman formatida bo‘lib o‘tdi.
– Ishonchim komilki, mazkur platforma SHHT ga a’zo mamlakatlarning yoqilg‘i-energetika kompleksidagi dolzarb masalalarni hal qilish va hamkorlikni rivojlantirishda uzoq muddatli rejalarni ishlab chiqish uchun samarali maydon hisoblanadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 6 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvida ta’kidlaganidek, “Mintaqada milliy iqtisodiyot va aholi soni o‘sishi ta’sirida energetik xavfsizlik masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda”. Shu munosabat bilan umumiy energetika makonini shakllantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish, bunda “yashil” energetika va energiya tejamkor texnologiyalarni jadal joriy etishga alohida e’tibor qaratishni taklif etamiz, – dedi uchrashuvda Sherzod Xo‘jayev.
Onlayn uchrashuv doirasida delegatsiya rahbarlari SHHT ga a’zo mamlakatlar energetika tarmog‘idagi hamkorlik holati va uni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashdi.
Energetika vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qilishicha, tomonlar SHHT ga a’zo davlatlarning energetika sohasidagi hamkorlik Konsepsiyasini muhokama qilib, tasdiqlashdi hamda energetika sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha SHHT ga a’zo davlatlarning muntazam faoliyat yuritadigan Ishchi guruhini tashkil etish va joriy yilda uning birinchi uchrashuvini o‘tkazishga kelishib oldi.
Qabul qilingan Konsepsiya doirasida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi. SHHT ga a’zo davlatlardagi mavjud energetika balansini hisobga olgan holda, yangi energetika quvvatlarini tashkil etish, yoqilg‘i-energetika inqirozi sharoitida o‘zaro hamkorlik qilish; energiya resurslarini ishlab chiqarish va iste’mol qilishni uzoq muddatli prognozlashtirish; turli mamlakatlar amaliyotini hisobga olgan holda, energiya tejamkorligi va energiya samaradorligini oshirish sohasida yangi yo‘nalishlarni ishlab chiqish shular jumlasidandir.
Shuningdek, Konsepsiyada SHHT ga a’zo davlatlarning energetika sohasidagi hamkorlik tamoyillar, xususan, amalga oshirilayotgan loyihalarning yangiligi, foydaligi va asosligi, yechimlarning uyg‘unligi va izchilligi kabilar ham mustahkamlangan.
O‘zA