O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida o‘tkazilgan uchrashuvda shu haqda so‘z bordi.
Vazirlik mas’ullari va Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Shiksen Chen boshchiligidagi delegatsiya a’zolari o‘zaro hamkorlikdagi bu kabi loyihalar tizim rivojida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zosi sifatida qatnashayotgan Energetika vazirligi matbuot xizmati bosh mutaxassisi Obidjon Dilmurodovning ma’ulm qilishicha, OTB uzoq muddatli strategik hamkor bo‘lib, u nafaqat elektr energetika sohasini rivojlantirishni moliyalashtirish, balki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ishtirok etmoqda.
–Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan energetika sohasini bozor tamoyillari asosida rivojlantirishga alohida e’tibor berilmoqda. Bu borada ushbu bank ko‘magida O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklikning ulkan dasturi tasdiqlandi. Bunda birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.
Surxondaryo viloyatida 457 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender o‘tkazildi. Unda 80 dan ortiq nufuzli xalqaro kompaniya ishtirok etish istagini bildirdi. Bu esa, o‘z navbatida xorijiy investorlarning O‘zbekistonda quyosh energetikasi loyihalarini rivojlantirishga qiziqishi yuqori ekanligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida 300 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi va energiya saqlovchi tizimlar o‘rnatish bo‘yicha tender tanlovlari o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, bank ko‘magida Farg‘ona viloyatida 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha murakkab tahlillar olib borilmoqda. "Talimarjon" issiqlik elektr stansiyasini umumiy quvvati 900 MVtdan kam bo‘lmagan navbatdagi 2 ta bug‘-gaz qurilmasini qurish bilan kengaytirish hamda 220 kV elektr uzatish tarmoqlari va Sirdaryo IES hamda Zafarobod podstansiyasini bog‘lovchi 220 kVli elektr uzatish tarmoqlarini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda, – dedi O.Dilmurodov.
Eslatib o‘tamiz, tashrif davomida delegatsiya a’zolari Samarqand va Navoiy viloyatlaridagi loyihalar bilan yaqindan tanishadi.
O‘zA