Energetika vazirligi axborot xizmatining rasmiy bayonot berishicha, joriy yil 26 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida joylashgan “Uchsoy” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Mo‘ynoq” kon maydonida olib borilayotgan burg‘ilash ishlari davomida 5000 metr chuqurlikka mo‘ljallangan 1-sonli quduqda 4707 metr chuqurlikdan gaz chiqishi kuzatilgan.
Ushbu quduq mazkur kunda burg‘ilash boshlangan birinchi ob’ekt hisoblanadi. Gaz bosimi kutilgan darajadan yuqori bo‘lgani bois, barcha xavfsizlik qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda quduqni likvidatsiya qilish va bosimni pasaytirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Hodisa yuz bergan zahotiyoq “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi rahbarligidagi mas’ullar, jumladan, mazkur tashkilot tarkibidagi “Ochiq neft va gaz favvoralarini oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismining Markaziy harbiylashtirilgan nazorat otryadi”, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “O‘zbekgeofizika” AJ hamda mahalliy hokimiyat mutasaddilari voqea joyiga yetib borib, nazoratni ta’minlagan.
E’tiborlisi, gaz chiqqan quduq aholi yashash joylaridan ancha uzoqda joylashgan bo‘lib, undan ajralgan gaz tarkibida inson sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi moddalar mavjud emas. Gaz toza metan hisoblanadi.
Shuni ta’kidlash lozimki, Ustyurt mintaqasidagi konlardan olinayotgan tabiiy gaz tarkibida oltingugurt moddasi uchramaydi.
Ayni vaqtda holatni bartaraf etish jarayonida faol ishtirok etayotgan mutaxassislar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, shuningdek, atrof-muhit va hayvonot olamiga zarar yetkazmaslik maqsadida gaz maxsus nazorat ostida yoqib qo‘yilgan.
Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Shu sababli, aholidan ortiqcha vahimaga tushmasliklari so‘raladi.
Vaziyat yuzasidan qo‘shimcha axborot taqdim etiladi, deyiladi vazirlik axborotida.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA