“Dubay – EXPO 2020” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston energetika haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.
Haftalik doirasida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi delegatsiyasi BAAning Dubay shahridagi “ACWA Power” kompaniyasining “Noor energy-1” quyosh elektr stansiyasida bo‘ldi.
Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ushbu quyosh elektr stansiyaning umumiy quvvati 950 MVt bo‘lib, u dunyodagi yirik quyosh energiyalaridan hisoblanadi. Unda quyosh texnologiyalari asosida elektr energiyasi ishlab chiqishning 3 xil turidan samarali foydalanish orqali 24 soat davomida yashil energiya ishlab chiqariladi.
Vazirlik ushbu yo‘nalishda samarali faoliyat olib bormoqda. Xususan, bu borada o‘tgan 3 yil ichida quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda 10 ta bitim imzolandi. Ushbu qisqa muddatda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan 9 ta qaror imzolandi.
– 2021 yilning avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida birinchi yirik 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Shu bilan birga, joriy yil 1 choragida Samarqand viloyatining Nurobod tumanida ikkinchi 100 MVt quvvatli yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. “ACWA Power” kompaniyasi O‘zbekistonda umumiy quvvati 2 600 MVt bo‘lgan issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalari quradi.
Xususan, Buxoro viloyatining Peshku va G‘ijduvon tumanlarida har birining quvvati 500 MVtdan bo‘lgan 2 ta shamol elektr stansiyasi 2023 yilning dekabr oyida ishga tushiriladi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi quriladi. Kompaniya tomonidan Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida quvvati 1 500 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi qurilmoqda va u 2023 yilning to‘rtinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan, –dedi Energetika vazirligi boshqarma boshlig‘i Abdullajon Otaboyev.
O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari yurtimizda nafaqat quyosh panellari orqali elektr energiyasi ishlab chiqish, balki quyosh texnologiyalari asosida elektr energiyasi ishlab chiqishning barcha turlaridan samarali foydalanish bo‘yicha o‘rganishlar olib bordi.
Abdullajon Otaboyevning ta’kidlashicha, ushbu stansiya eritilgan tuzdan foydalangan holda, uzoq muddatli energiya saqlash xarakteriga ega. Shu sababli stansiya tungi vaqtda ham samarali elektr energiyasi ishlab chiqaradi. O‘rganishlardan ko‘zlangan maqsad ushbu tajribani bosqichma-bosqich yurtimizda ham joriy etish hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 fevral kunidan “EXPO 2020 – Dubay” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston energetika haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning loyihalari taqdimotlari, “V2V” formatdagi uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilyapti. Haftalik bugun o‘z ishini yakunlaydi.
Nasiba Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA