Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetika vazirligi: aholi murojaatlari doimiy nazoratda
10:26 / 2026-03-02

Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, joylardagi dolzarb muammolarni bevosita o‘rganish va ularni tezkor hal etish maqsadida Energetika vazirligi tomonidan hududlarda sayyor qabullar izchil tashkil etilmoqda.

Galdagi shunday tadbirlardan biri “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filialida tashkil etildi.  

Unda energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan fuqarolar hamda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan elektr energetikasi va gaz ta’minoti bilan bog‘liq masalalar yuzasidan kelib tushgan murojaatlar ko‘rib chiqildi.

Sayyor qabulda Umid Mamadaminov hududlarda energiya ta’minoti sifatini yaxshilash va aholi bilan ochiq muloqotni kuchaytirish ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.

– Bugun energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, avvalo, aholi va tadbirkorlarni barqaror hamda sifatli energiya resurslari bilan ta’minlashga qaratilgan. Sayyor qabullar natijasida fuqarolarning muammolarini joyida eshitish, ularga tezkor yechim topish va tizimli choralar ko‘rish imkoniyati yaratilmoqda. Har bir murojaat albatta, nazoratga olinadi va ijrosi ta’minlanadi, – dedi vazir o‘rinbosari.

Qabul jarayonida har bir murojaat individual tartibda o‘rganilib, mutasaddi rahbar va mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Ayrim masalalar joyida hal etildi, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan murojaatlar esa ijroga yo‘naltirilib, ularni hal etish bo‘yicha aniq muddatlar belgilab olindi.

Ta’kidlanganidek, hududlarda elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, transformator quvvatlarini oshirish, yangi elektr uzatish liniyalarini tortish hamda gaz ta’minoti infratuzilmasini yangilash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu esa iste’molchilarni uzluksiz va sifatli energiya bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Mazkur sayyor qabul aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, tizimdagi muammolarni tezkor bartaraf etish hamda energiya ta’minoti sifatini yanada oshirishga qaratilgan amaliy mexanizm sifatida ahamiyat kasb etadi.  

Hududlar bo‘ylab sayyor qabullar davom etmoqda.

N.Ziyodullayeva, O‘zA