Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida energetika vaziri J.Mirzamahmudovga “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, shu jumladan quyosh panellarini o‘rnatish borasidagi ishlar ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, ekologik barqarorlikni ta’minlash va iqlim o‘zgarishining oldini olish borasida sezilarli yutuqlarga erishildi.

Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijtimoiy va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohalari hamda iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.
Mazkur hujjat ijrosi bo‘yicha o‘tgan davrda respublikada 133 ming 786 ta ob’ektga o‘rnatilgan umumiy quvvati 1 ming 748 MVt quvvatli quyosh panellari to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Yashil energiya” axborot tizimida tasdiqlandi. Ijtimoiy soha va davlat idoralarining 20 ming 416 ta ob’ektiga 385 MVt, tadbirkorlik sub’ektlarining 30 ming 713 ta ob’ektiga 948 MVt, ko‘p qavatli 2 ming 155 ta uylarga 27,5 MVt, aholining 80 ming 502 ta xonadonlariga 388 MVt quvvatga ega bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi.

Shu bilan birga, o‘rganishlar ushbu sohada hali o‘z yechimini kutayotgan qator masalalar borligini ko‘rsatmoqda. Xususan, 2 ming 139 ta ob’ektga 29 MVt quvvatga ega bo‘lgan quyosh panellari o‘z muddatida o‘rnatilmagan, 281 ta ob’ektga o‘rnatilgan 6,1 MVt quvvatga ega panellar esa ishchi holatda emas.
Bugungi kunda respublikamizda 7 ta korxonada yillik quvvati 770 MVt hajmga ega bo‘lgan quyosh panellari, 5 ta korxona tomonidan esa yillik hajmi 200 mingdan ziyod quyosh suv isitish kollektorlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsada, shamol generatorlari ishlab chiqarilmayapti.
Shuningdek, respublikamizda quyosh panellaridan foydalanish hajmi keskin ortib borayotganiga qaramay, hozirga qadar faoliyat muddati tugagan yoki yaroqsiz holga kelgan quyosh panellarini qayta ishlash va utilizatsiya qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan.
Majlisda shundan kelib chiqib, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, respublikamizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqarishni tashkil etish, faoliyat muddati tugagan yoki yaroqsiz holga kelgan quyosh panellarining atrof-muhitga zararining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish haqida energetika vaziriga parlament so‘rovi yuborildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA