French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Energetika vaziri yoshlar bilan uchrashdi 
17:22 / 2024-06-24

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov yoshlar bilan uchrashdi.

Energetika vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvda vazirlik tizimidagi tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan yoshlar, bir qator oliy ta’lim muassasalarining talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. 

Energetika vaziri barcha yoshlarni yaqinlashib kelayotgan 30 iyun – Yoshlar kuni bilan tabriklar ekan, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida barcha sohalarda yoshlarning rolini oshirish, ularga imkoniyatlar, yaxshi sharoitlar yaratib berish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. 

Uchrashuvda ma’lumot berilganidek, bugungi kunda yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida 106 mingdan ziyod ishchi-xodim faoliyat yuritadi. Ularning 17 ming 526 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlardir. Shuningdek, 334 nafar, shu jumladan, 10 nafar xotin-qiz yosh rahbarlik, 378 nafar ayol mutaxassis lavozimlarida, 746 nafar ayol ishlab chiqarish korxonalarida ishlamoqda. 

2023 yildagi raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 633 nafar mutaxassis oliy o‘quv yurtini bitirganidan keyin ishga qabul qilingan bo‘lsa, 571 nafar yigit-qiz kollej va texnikumni tamomlaganidan so‘ng ushbu tizimda mehnat faoliyatini boshlagan. 

Ta’kidlash kerakki, energetika vazirining yoshlar bilan muloqoti do‘stona, savol va javoblar hamda takliflar asosida o‘tdi. 

[gallery-17964]

–Bu uchrashuv nafaqat yoshlar, balki men uchun ham bir imkoniyat. Negaki, sizlar bilan yuzma-yuz fikrlashib, istaklar, takliflar va muammolaringizni yaqindan o‘rganaman va ularni hal etishga harakat qilaman. Istagim, o‘z sohangiz yoki kasbingizni mukammal o‘zlashtirish barobarida xorij tillarini o‘rganishga intiling. Bu esa sizlarga xorijliklar bilan muzokaralar olib borish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘zlashish imkonini beradi, –dedi vazir. 

Uchrashuvda vazir so‘nggi yillarda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda yirik quvvatli issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha katta loyihalar amalga oshirilayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi. 

–Bugungi kunda yurtimizning 6 ta viloyatida umumiy quvvati 1717 MVt bo‘lgan 8 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda quvvati 100 MVt bo‘lgan bitta shamol elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda. Bu ham yurtimiz “yashil” energetika tarmog‘idagi yutuqlardan darak beradi. Bundan tashqari, so‘nggi 5-6 yil ichida O‘zbekistonda elektr energiyasiga ortib borayotgan talabni qondirish, aholi, ijtimoiy soha ob’ektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash maqsadida yangi issiqlik elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha xorijiy kompaniyalar bilan jami 11 ta bitim imzolandi. Ushbu bitimlarga asosan 2028 yil yakuniga qadar O‘zbekistonda umumiy quvvati 7 ming 17 megavattga teng bo‘lgan 11 ta zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Birgina oxirgi yillarda ishga tushirilgan ushbu elektr stansiyalarda minglab yosh xodimlar faoliyat yuritayotgani soha rivojida ularning o‘rni nihoyatda katta ekanini anglatadi, – deya ta’kidladi vazir. 

Shuningdek, muloqot chog‘ida yosh xodimlarga bundan ham ko‘proq e’tibor qaratish, ularning iqtidorlarini namoyon qilishlari uchun yetarli darajada sharoitlar yaratib berish kerakligi haqida ham so‘z bordi. Unda yoqilg‘i-energetika sohasida olib borilayotgan ilmiy ishlar va tadqiqotlar, sohada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan innovatsion g‘oyalar, turli muammolar hamda ularning yechimlari haqida so‘z yuritildi, qator takliflar bildirdi. 

Uchrashuv yakunida faol yoshlar esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. 

Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA